O‘zbekiston | 21:08 / 04.08.2018
22931
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Hindistonga boradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning kuz oyida Hindistonga davlat tashrifi bilan boradi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda.

4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizga bugun tashrif bilan kelgan Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj bilan uchrashdi.

TIVdagi uchrashuv chog‘ida tashqi siyosat idoralari rahbarlari umumiy kun tartibining asosiy masalalarini muhokama qildilar hamda xalqaro va mintaqaviy muammolar borasida fikr almashishdi.

Suhbatda e'tirof etilganidek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining 2018-yil 9-iyun kuni Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti doirasidagi uchrashuvi yakunlari barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarga yangi dinamika berish uchun ikki davlat yetakchilarida mustahkam siyosiy iroda mavjudligini yana bir bor isbotladi. Ikki tomonning ham siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, turistik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada oshirish uchun mavjud bo‘lgan ulkan imkoniyatlarni amalga oshirish borasida birgalikda ishlashga tayyor ekanligi ta'kidlandi.

Vazirlar O‘zbekiston rahbarining kuzda Hindistonga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlikning amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdilar.

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoniga hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha O‘zbekiston va Hindiston hamkorligining istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning Hindistonga rasmiy tashrif bo‘yicha ham muzokaralar olib borilayotgani haqida Hindiston Davlat Tashqi ishlari vaziri Mubashshir Javad Akbar Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjuman davomida ma'lum qilgandi. Hindistonlik amaldorning ta'kidlashicha, ushbu uchrashuv joriy yilning kuz oylarida amalga oshirilishi mumkin.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid