14:07 / 09.08.2018
5739

Ravshan Haydarov: «Mas'uliyatli musobaqaga to‘la tayyormiz»

Foto: MOQ axborot xizmati

XVIII Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Indoneziyaga jo‘nab ketayotgan O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov, futbolchilar Jaloliddin Masharipov va Odiljon Hamrobekov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Ravshan Haydarov terma jamoaning musobaqaga to‘la shay holatda ekanini qayd etdi.

«Katta sport anjumani oldida turibmiz. Bu juda mas'uliyatli musobaqa. Qishda chempionlikka erishganimizdan so‘ng har oy yig‘inlari, nazorat o‘yinlari o‘tkazib turdik. Barchasini reja asosida olib bordik. Jismoniy tayyorgarlik ham joyida bo‘ldi. Bu davr ichida yigitlarimiz milliy terma jamoa safida ham ba'zi o‘yinlarda maydonga tushishdi. Hozir jamoamiz musobaqaga tayyor holatda», - dedi Haydarov.

Jamoa yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipovning aytishicha, olimpiyachilar Osiyo chempionatidagi g‘alaba shunchaki tasodif bo‘lmaganini isbotlash uchun Jakartaga yo‘l olishmoqda.

«Qishdagi o‘yinlarda qatnashmagan bo‘lsam ham, barchasini kuzatib bordim. Bu terma jamoaga chaqirilganimdan xursandman. Qo‘limdan kelgancha jamoaga yordam bermoqchiman. Yigitlar bilan birinchi g‘alaba tasodif emasligini ko‘rsatib qo‘ymoqchimiz.

Jamoadagi ichki muhit yaxshi. Yigitlar bir-biri bilan juda inoq. Ichki muhit yaxshi bo‘lsa, natija ham bo‘ladi, deb o‘ylayman», - deya fikr bildirdi «Paxtakor» futbolchisi.

«Nasaf» yarimhimoyachisi Odiljon Hamrobekov qishdagi chempionlik o‘zbekistonliklarga qanchalik xursandchilik ulashganini eslab,  muxlislarga yana bir bor ana shunday kayfiyat baxsh etish niyatida ekanini ta'kidladi.

«Chempion bo‘lib kelganimizdagi xursandchilik, bizni yurtimizda qanday kutib olishganini yana takrorlashga harakat qilamiz. Xudo xohlasa, yorug‘ yuz bilan qaytish niyatidamiz. Tayyorgarligimiz yaxshi davom etdi. Yevropaning  bir qator kuchli terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazib, tayyorgarligimizni mukammallashtirdik. Bolalarning hammasi chiroyli natija ko‘rsatib qaytishga yuz foiz tayyor», - dedi Hamrobekov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq terma jamoaning yakuniy tarkibi e'lon qilingan edi.

Top