Jamiyat | 15:26 / 10.08.2018
194798
5 daqiqa o‘qiladi

Fojianing asl sababi nimada yoki ba'zi sportchilar nega qonunlarni buzyapti

Foto: Facebook/ Murod Xanturayev

So‘nggi uch oy ichida O‘zbekistonda ikkita hodisa sodir bo‘ldi. Har ikkalasi ham aralash yakkakurash sport turi bo‘yicha jangchilar bilan bog‘liq.

Avvalroq, aralash yakkakurash sport turi bo‘yicha jahon chempioni Murod Xonto‘rayev Toshkent shahar prokuraturasi iltimosiga ko‘ra qamoqqa olingani xabar berilgandi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b», «v» bandlarida (Bezorilik: a) badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib: b) bir guruh shaxslar tomonidan;) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Murod Xonto‘rayev bir qator shaxslar bilan birgalikda 21 iyunga o‘tar kechasi Yunusoboddagi tungi klublardan birida jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan, tartibsizlik qilgan. Uning o‘zi tan jarohati (ko‘kragiga pichoq bilan zarba berilgan) bilan Yunusoboddagi 7-kasalxona (sobiq 17-shahar kasalxonasi)ga yotqizilgan, keyingi kuni militsiya tomonidan olib ketilgan.

Oradan deyarli bir yarim oy o‘tib, 9 avgustga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Yunusobod tumani hududida joylashgan Aurum 898 tungi klubida pichoqbozlik ro‘y berdi.

Hodisa oqibatida erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjayev vafot etdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Jamshid Kenjayev tungi klubi qo‘riqchilari bilan o‘zaro janjallashib, yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan ularning ikki nafariga tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng voqea joyida bo‘lgan «Aurum» tungi klubida qo‘riqlovchi yordamchi Sh.Qilichov Kenjayevning qo‘lidan oshxona pichog‘ini tortib olib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Jamshid Kenjayev Yunusobod tumanidagi 7-sonli ShKShga yotqizilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa-da, yetkazilgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan. 

Shu o‘rinda, bir qator savollar paydo bo‘ladi.

Birinchidan, jangchilar ruhiy barqarorlikka tayyorlanadimi. Katta ehtimol bilan, ularni «kuch bor - aql kerak emas» prinsipi bo‘yicha tayyorlashadi, mushaklar barcha muammolarni hal qiladi.

Ikkinchidan, bu faktlar ommaviy axborot vositalarida rasman e'lon qilindi. O‘z navbatida, bu kabi hodisalar haqida o‘z vaqtida xabar berib turgan tegishli huquq-tartibot idoralariga rahmat.

Ishonavering, bunday hodisalar viloyatlarda ham tez-tez yuz berib turadi. Ba'zan qandaydir «razborka»lar haqida etishib qolamiz - boks bo‘yicha mahalliy chempion kimnidir kaltaklagani yoki mushtlashuvda qatnashgani haqida. Shu bilan birga, viloyat IIB ba'zi vakillari o‘z kursilarini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, sukut saqlashni afzal ko‘rishadi.

Uchinchidan, barcha jangchilarni ichki ishlar organlarining maxsus hisobiga olish vaqti keldi. Bundan tashqari, professional jangchi katta mas'uliyatga ega ekanini ham unutmasligi lozim, uning kuchi - bu uning mas'uliyati ham. Hamma ham kuniga 8-10 soat davomida sport bilan shug‘ullana olmaydi. Ko‘pchilik o‘zini boshqa faoliyat sohalarida sinab ko‘radi.

To‘rtinchidan, bu o‘zbekistonlik sportchilarga yarashmaydi. Xabarlar MDHning barcha davlatlariga tarqab ketdi. Kecha ular O‘zbekiston bayrog‘ini g‘urur bilan ko‘targan bo‘lsa, bugun bezorilik bilan band.

Shu o‘rinda, Jamshid Kenjayev bilan bog‘liq hodisa haqida. Tungi klubdagi qo‘riqchilarning professionalligi... Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan ko‘rish mumkinki, Jamshid Kenjayevni tungi klubda bo‘lgan besh-olti nafar qo‘riqchi bemalol qurolsizlantirishi mumkin edi. Bu hodisa inson o‘limiga olib kelmasligi uchun tegishli harakatlar ko‘rilmagan. Pichoq bilan tashlangan jangchini qo‘lidan uni tortib olib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qo‘ng‘iroq qilish uncha ham qiyin ish emasdi. Biroq, 5-6 olti nafar qo‘riqchi uni do‘pposlab, pichoqlashga kirishib ketgan. 

Umid qilamizki, huquqni muhofaza qilish idoralari yuz bergan hodisalar bo‘yicha aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘radi.

Ulug‘bek Akbarov

Mavzuga oid