O‘zbekiston | 20:54 / 17.08.2018
10466
4 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahrida ham «Xavfsiz shahar» konsepsiyasi ​amaliyotga tatbiq etilmoqda

«Xavfsiz shahar»​ konsepsiyasini amalga oshirish, shaharni turli huquqbuzarlik va jinoyatchiliklardan holi hududga aylantirish bo‘yicha amaliy seminar tashkil qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qashqadaryo viloyati Adliya, Ichki ishlar boshqarmalari hamda viloyat prokuraturasi  bilan hamkorlikda Ichki ishlar bo‘limlari shaxsiy tarkibi, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va posbonlarning huquqiy bilim darajasini oshirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ichki ishlar organlari faoliyatidagi muhim islohotlar, hayotga joriy etilayotgan yangicha tizim, profilaktik chora tadbirlarni kuchaytirishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini takomillashtirish borasida fikr mulohazalar bildirildi. 

Seminarda ichki ishlar bo‘limlari , fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishning amaliy mexanizmlarini joriy etish yuzasidan tushuntirishlar berildi. Sektor rahbarlari hamda Ichki ishlar bo‘limlari, muvofiqlashtirish boshqarmasi mas'ul xodimlari hamkorligida chora tadbirlar rejasi hamda yo‘l xaritalari ishlab chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi «Adolat»​ huquqiy axborot markazi»​ tomonidan tashkil etilgan huquqiy va badiiy kitoblar, jahon adabiyoti durdonalari ko‘rgazmasi tafakkur olamini boyitishda yana bir vosita bo‘lib xizmat qildi. 

Ishlab chiqilgan yo‘l xaritasiga ko‘ra, Qarshi shahar hududidagi ko‘p qavatli uylarda aholi zich joylashganligi, jamoat joylari, sayilgohlar va bozorlarning gavjumligi hisobga olinib, 4ta sektor joylashgan 4ta hududda alohida ichki ishlar bo‘limlari hamda ularning faoliyatining muvofiqlashtiruvchi boshqarma tashkil etildi. Yangi tuzilmalar samaradorligini ta'minlash uchun barcha shart sharoit va qulayliklarga ega bo‘lgan, zamonaviy binolar qurilib, ular zarur mebel jihozlari, axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta'minlandi. Videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi, profilaktika inspektorlari bilan videokonferensiya aloqa orqali muloqot qilish imkoniyatlari yaratildi. Ichki ishlar bo‘limlarining texnik qo‘riqlash markazi xonalariga optik tolali aloqa kabeli tortildi.

Bundan tashqari ichki ishlar bo‘limlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi «Lex.uz» tarmog‘iga ulandi. Ushbu baza tarmog‘ida 50 mingga yaqin normativ huquqiy hujjatlar joylashtirilgan bo‘lib, ular ichki ishlar xodimlarining o‘z xizmat burchlarini samarali ado etishlarida yaqin ko‘makchi vazifasini bajaradi. 

«Xavfsiz shahar»​ tizimini joriy etish bo‘yicha vaziyatni nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, Qaror va Farmoyishlari, normativ-huquqiy hujjatlar to‘plamlari taqdim etildi. Qulay sharoit, imkoniyat xavfsiz shahar kontsepsiyasini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aholining tinch va osoyishta hayotini ta'minlash, jamoat tartibini saqlash maqsadida jamoat tartibini ta'minlash kuchlarining va ichki ishlar organlari, prokuratura, milliy gvardiya, davlat xavfsizligi xizmati, va keng jamoatchilik vakillari birgalik ish tashkil qilingan. Ichki ishlar bo‘linmalari shaxsiy tarkibiga xar bir profilaktika inspektorlariga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan «ARTEL» zamonaviy planshetlari, zamonaviy radio aloqa vositalari tarqatilib ular zamonaviy texnologiyani talablariga javob beradi, himoyalangan aloqa tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, axborot markazining barcha hisoblardan shaxsni tekshirish imkoniyati mavjud, hududda yurgan xodimni kunu tun xizmat olib borish tartibini masofadan turib nazorat qilish imkoniyatini beradi. Shahar hududida videokuzatuv va qo‘riqlash tizimlarining shakllantirilgani, profilaktika inspektorlarining onlayn tizim orqali axborot va topshiriq olish imkoniyati yaratilgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Mavzuga oid