Jamiyat | 18:23 / 21.08.2018
5109
2 daqiqa o‘qiladi

Nobel mukofoti sohibi Ryodzi Noyori yaqin kunlarda O‘zbekistonga keladi

Foto: Intercontinental Academia

Nufuzli Nobel mukofoti sovrindori Ryodzi Noyori 28-31 avgust kunlari Nagoya Universiteti (Yaponiya) delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Nagoya Universiteti Prezidenti Matsuo Seyiti rahbarligidagi delegatsiya tarkibida oliygoh bo‘limlarining yana 10 nafar vakili ham bo‘ladi. Bosh vazir  o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi.

Ryodzi Noyori O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Toshkent davlat texnika universitetida ma'ruza o‘qiydi, shundan  so‘ng Samarqand shahriga tashrif buyuradi.

Tashrif doirasida mamlakatimizning yetakchi oliy ta'lim muassasalari, Fanlar Akademiyasi, Ilmiy-tadqiqot institutlari, manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Yaponiya ilmiy simpoziumi va "muhokamalar doirasi"ni o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Nagoya Universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda.

Ta'lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni faollashtirish maqsadida Noyorining jahon ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Fanlar Akademiyasi Prezidenti bilan uchrashuvlar rejalashtirilmoqda.

Ma'lumot uchun: Nagoya Universiteti professori, mashhur kimyogar olim Ryodzi Noyori 2001 yilda katalitik asimmetrik sintez sohasidagi ishlanmalari uchun Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. U Yaponiya ta'lim, madaniyat, sport, ilm-fan va texnologiyalar vazirligi ilmiy kengashining haqiqiy a'zosi va qator Yevropa mamlakatlari, AQSh, XXR Fanlar Akademiyasi a'zosi va BMTning turli ilg‘or loyihalari ishtirokchisi hisoblanadi. Noyorining xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlari Nobel fondi bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshadi va yetakchi akademik nashrlarda yoritib boriladi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid