Sport | 18:00 / 23.08.2018
8368
13 daqiqa o‘qiladi

«Monchi formulasi»: Mukammal transfer saboqlari

Ramon Monchi - jahon futbolidagi eng mashhur sport direktorlaridan biri. Bu sohada o‘zini ko‘rsata olgan o‘nlab nomlar bor, lekin aynan Monchining «Roma»ga o‘tishi xuddi futbol yulduzining transferidek ovoza bo‘lgandi. Yaqinda esa, «Manchester Yunayted» o‘ziga sport direktori axtarayotgani haqidagi xabarlar ketidan, asosiy nomzod sifatida aynan Ramon Monchining ismi yangradi. Ishonasizmi, bu xabarni dunyoning eng mashhur klubi frontida ko‘pchilik, xuddi Messi yoki Neymar transferi singari, olib kelish imkonsiz bo‘lgandek qabul qildilar. Monchi - superyulduz.

globallookpress.com/Silvia Lore/ZUMAPRESS.com

«Sevilya»dagi 16 yil davomida Monchi o‘ziga xos imperiya yaratdi, deyarli noldan skautlar bo‘limini ishga tushirdi, iste'dodlarni topib, ularni ikki yuz million yevrodan ortiq farq bilan sotishga ham muvaffaq bo‘ldi. «Sevilya«»dagi davrda u 105 millionga futbolchi sotib olgan bo‘lsa, jami 340 million yevroga futbolchilarni sotib daromad qildi.

Monchining eng qimmat topilmalari orasida Dani Alvesh («Barselona»ga 35 million yevroga), Karlos Bakka («Milan»ga 30 million yevroga), Xose Antoni Reyyes («Arsenal»ga 30 million yevroga), Gjyegoj Krixovyak («PSJ»ga 28 million yevroga) va Serxio Ramos («Real»ga 30 million yevroga) va boshqalarni tilga olish mumkin. Ko‘rsatilgan narxlar bugungi bozor uchun ancha sodda ko‘rinishi mumkin, lekin masalan Reyyes transferi bundan 15 yillar oldin sodir bo‘lib, o‘sha davrda «Arsenal»ning rekord transferi bo‘lgandi. Dani Alvesh uchun «Barselona» to‘lagan 35 million yevro ham 10 yil oldin himoyachi uchun juda katta narx bo‘lgan edi.

Moliyaviy daromadlar bilan bir qatorda Monchi davrida «Sevilya» futbol maydonida ham muvaffaqiyat qozondi - so‘nggi 31 yilda hech narsa yutmagan klub, Monchi davrida 9ta sovrinni qo‘lga kiritdi. Hammasi «Monchi metodi» tufayli. 

Futbolchi haqida imkon qadar ko‘proq ma'lumot yig‘adi

Insidefoto/imago sportfotodienst

«Sevilya»da Monchining bo‘limi 16 kishidan iborat edi. Dastlabki 5 oyda ular maksimal darajada futbol tomosha qilishar va ma'lumot yig‘ishardi. Asosiy e'tibor Fransiya chempionatiga qaratilgandi. «Liga 1 - qoniqarli narx va yuqori sifatning uyg‘unligi», - deb ishonadi Monchi. Juda ko‘p iste'dodlarni aynan Fransiyadan topishdi: Kanute, Krixovyak, Kondogbia, Keyta..

Har oy yakunlari bo‘yicha skautlar har bir pozitsiya bo‘yicha 11 nafar eng yaxshi futbolchilardan iborat ramziy terma jamoa tuzadi. Dekabrdan boshlab, ular mana shu ramziy tarkibga ko‘proq kirgan futbolchilarni yanada daqiqroq kuzata boshlaydilar. Har bir futbolchining o‘yin uslubi, shaxsiy fazilatlari o‘rganiladi, safarda qanday o‘ynaydi, uyda qanday o‘zini ko‘rsatadi, xalqaro o‘yinlarda o‘zini qanday tutadi, mag‘lubiyatlarga nisbatan munosabati qanday bo‘ladi va hokazo. Yakuniy ruyxatdagi har bir futbolchini stadiondan turib kamida 10 o‘yinda tomosha qilishadi.

Natijada, «Sevilya»da yuzlab futbolchilar haqida to‘liq ma'lumotlar mavjud bo‘ladi. 2016 yilda The Guardian nashri Monchi haqida material qilganida, u jurnalistga skautlar bo‘limi kuzatayotgan futbolchilar jadvalini ko‘rsatgan - u yerda 250 futbolchining ismi bor edi. 

Bunday keng tanlov eng tor kriteriyalar bo‘yicha ham kerak bo‘lganda futbolchini topish imkoniyatini yaratadi. «Masalan, menga har ikki oyoqda o‘ynay oladigan, bir o‘yinda o‘rtacha 11 km, 800 metrga esa yuqori tezlikda yugura oladigan chap qanot himoyachisi kerak. Bunday talabga ruyxatimdagi 10 futbolchi javob beradi», - deydi Monchi. 

Katta-katta jadvallarda «adashib» qolmaslik uchun skautlar qiziqish darajasiga qarab futbolchilarni A dan Ye gacha belgilab chiqadilar. Har birining ma'nosi bor, masalan, A - mukammal variant, V - yana bir kuzatish kerak va hokazo. Balki, shuning uchun ham Monchi aynan «Roma»ni tanlagandir, chunki u yerda ham juda ko‘p ma'lumotlarni yig‘ishga va tahlil qilishga qiziqishadi. «Roma»da analiz bo‘limini 2017 yil yozgacha kimsan Luka Born boshqargandi. Born keyinchalik NBAga bordi va «Sakramento Kingz»ning strategiya va analiz bo‘yicha vitse-prezidenti bo‘lib, parallel ravishda Simo Freyzer Universitetidagi statistika kafedrasi dotsentiga aylandi.

Shaxsan gaplashmaguncha futbolchini sotib olmaydi

Miquel Llop/ZUMAPRESS.com

Statistika va ma'lumot yig‘ishga bo‘lgan mehrdan qat'i nazar, Monchi uchun eng muhimi - yuzma-yuz gaplashish. «Sevilya» biror futbolchi bilan jiddiy qiziqib qolsa, Monchi bu futbolchining o‘yiniga kelar va uning o‘zi bilan gaplashib ko‘rardi. 2015/16 yilgi mavsumning o‘zida u 20 marotaba Fransiyaga bordi. Shunchaki, potensial nomzodlar bilan suhbatlashib ko‘rish uchun.

«Men futbolchining chin dildan bizda o‘ynashni istayotganiga amin bo‘lishim kerak. Xato qilmaslikning eng muhim sharti o‘zaro muloqotdir», - deb o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi Ramon Monchi.

U futbolchining jamoadoshlari, klubdagi personal, oila a'zolari bilan ham gaplashib ko‘radi va hatto ba'zida futbolchining uyida mehmon bo‘lishi mumkin. 2013 yilda u Kevin Gameyroning uyiga mehmonga borgandi, masalan. Muloqot foydali kechdi, bir necha oy o‘tib Gameyro «PSJ»dan «Sevilya»ga ko‘chib o‘tdi. Agar shaxsan uchrashishning imkoni bo‘lmasa, kamida telefonda suhbatlashiladi.

Muloqotning so‘nggi bosqichi Monchining kabinetida bo‘lib o‘tadi va u yerda asosan maishiy masalalar haqida kamida o‘nta savol beriladi. Futbolchi uchun bu oddiy bir e'tiborsiz suhbatdek o‘tishi mumkin, lekin Monchi uchun juda muhim, har bir detal e'tibordan chetda qolmaydi. Masalan, u oshxonada tortiladigan u yoki bu taom yoki go‘sht haqida savol beradi va futbolchining fikri so‘raladi. Agar futbolchi aksariyat savollarga «yoqmaydi» deb javob bersa, bu ham o‘ziga xos signal - futbolchi biroz injiq, u bilan ishlash oson bo‘lmasligi mumkin. 

Odatda, Monchi futbolchilar bilan tarjimonsiz gaplashadi. Ispanchadan tashqari, u fransuz tilini mukammal biladi, ingliz tilida ham gaplasha oladi. 2014 yilda u yarim yil Londonda yashab, inglizchasini yaxshilash va Angliyadagi skautlarning ishi bilan yaqindan tanishish bilan shug‘ullangandi. Ingliz klublari bilan munosabatlarni yangi bosqichga chiqarish uchun tilni bilish juda muhim deb hisoblagandi. Natijada, aksariyat futbolchilarini aynan ingliz klublariga sotishga muvaffaq bo‘ldi.

Futbolchini qiziqtira oladi

REUTERS/Alberto Lingria

«Sevilya» o‘ziga yarasha donor-klub hisoblanadi, asosan iqtidorli futbolchilarni qidirib topish, kuchaytirib, qimmatroqqa sotish bilan shug‘ullanadi. Bunday modelda unga ikki xil raqobatchi bo‘lishi mumkin - boshqa donor-klublar va top-klublar. Monchi doim ular bilan qanday raqobatlashishni yaxshi bilgan.

Agar futbolchi boshqa bir donor-klub tomonidan ham qiziqtirilayotgan bo‘lsa, Monchi unga Sevilyadagi hayot darajasining yuqori ekani va bu yerda sovrinlar uchun ham kurashish imkoniyati borligi bilan maqtanadi. Asoslar yetarli, «Monako» yoki Portugaliya, Gollandiya klublaridan farqli ravishda, «Sevilya» 21-asrning o‘zida 6 marta yevrokuboklarni yutdi. Monchi futbolchini sotishlar emas, yutuqlar ko‘proq qiziqtirishini yaxshi biladi. Muvaffaqiyatlar bo‘lmasa, jalb qilish imkonsiz.

Va albatta, maosh masalasi. Monchi boshqa donor-klublarga nisbatan ko‘proq maosh to‘lashga rozi bo‘ladi. 

Klub prezidenti va murabbiy bilan juda yaxshi munosabatni ushlaydi

Transfer oynasi ochilishi oldidan Ramon «Sevilya» bosh murabbiyi bilan uchrashadi va qaysi pozitsiyalarni kuchaytirish lozimligi haqida fikrlashadi. Odatda ular pozitsiya va xarakteristka haqida gaplashadilar, nomlar to‘lig‘icha sport direktori ixtiyorida qoladi. Ba'zida istisnolar ham bo‘lib turadi, masalan, 2015 yilda Monchi Fernando Lorenteni aynan Unai Emerining iltimosiga binoan sotib olgandi. Monchi ruyxatdagi futbolchilarni havola qilgan, ular ichidan Emeri tanlangandi. Ya'ni, so‘nggi so‘z bosh murabbiyda qolgan edi.

Muzokaralar oldidan Monchi klub prezidenti bilan maslahat qiladi. 2003-2013 yillarda «Sevilya»da bu lavozimda Xose del Nido bo‘lgandi. Ular futbolchining qanchalik zarurligi va u uchun necha pul to‘lash mumkinligi haqida fikrlashadilar. Munozaralar ko‘p cho‘zilmasdi, chunki Del Nido o‘z sport direktoriga to‘liq ishonardi.

«Xose men bilan doim maslahatlashadi va menga quloq soladi. U hech qachon meni biror futbolchini olishga majbur qilmagan yoki mendan xabarsiz biror futbolchini sotib olishga urinmagan. Erkinlik va to‘liq ishonch men uchun muhim, shuning uchun Sevilyadagi ilk kunimdan boshlab men zavq bilan ishlaganman», - deydi Monchi.

Aynan shuning uchun ham Monchi Sevilyada juda ko‘p qolib ketdi, zero uni bir necha martalab «Real» ham, «Barselona» ham chaqirgandi.

Muvaffaqiyatsizliklar

Gettyimages.ru/Maurizio Lagana

Ba'zida jiddiy sinovlardan keyin ham xatolar bo‘lishi mumkin, bu tabiiy.

«Bir oy «Sevilya»dagi hayotdan keyin Konoplyanka o‘zini balkondan tashlamoqchi bo‘lgan. Yoki Aruna Kone - u bizning eng qimmat transferimiz bo‘lgandi, lekin 41 o‘yinda atigi 2 gol urdi. Kuchsizroq bo‘lgan «Levante»ga o‘tib esa, 17ta gol muallifiga aylandi. Men transferlardan oldin futbolchini yaqindan bilishni istayman, ammo ba'zida kutilmagan holatlar bo‘lib turadi».

Monchi uslubi yillar davomida tajribadan o‘tgan, lekin ba'zida omadsizliklar ham bo‘lib turadi. Eng yangi va yorqin misol - Malkom. Uni so‘nggi daqiqalarda «Barselona» ilib ketib qoldi.

Monchining yana bir mag‘lubiyati - Robin van Persi. 2004 yilda «Sevilya» gollandiyalik hujumchi bilan deyarli kelishuvga erishgan va «Feyyenord» bilan barchasini hal qilish uchun bir qadam qolgandi. Ammo so‘nggi pallada «Arsenal» aralashdi va hujumchi Londonni tanladi. Shundan keyin Van Persining har muvaffaqiyati Monchiga «qattiq botgan» va bu haqida u doim hazillashib gapirishni yaxshi ko‘radi. 

Ba'zida Monchining o‘zi ham xatoga yo‘l qo‘ygan. 2009 yilda u o‘sha paytlarda «Saragosa»da o‘ynab yurgan Gabini kuzatgan. Ammo to‘liq ma'lumotlar yig‘ilib, suhbat o‘tkazilgach, Ramon Gabining «Sevilya» o‘yiniga mos emasligini aytib, ajoyib yarim himoyachidan voz kechgandi. Bir necha yil o‘tib, Gabi «Atletiko»ga o‘tdi va u yerda La Ligani yutdi, Chempionlar Ligasi finalida o‘ynadi, jamoa sardoriga aylandi. Monchi haligacha aynan Gabi uning eng katta xatosi bo‘lganini tan oladi.

Sports.ru materiali asosida Qahramon Aslanov tayyorladi