Jamiyat | 13:07 / 29.08.2018
77877
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Bog‘cha tarbiyachisi bolani uxlashga yotqizish uchun uni bo‘g‘di

Qozog‘istonning Temirtau shahridagi bolalar bog‘chalaridan birida 50 yoshli xodim uxlashni xohlamagan qizchani bo‘g‘di. Tarbiyachiga nisbatan jinoiy ish ochildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan kadrlardan ko‘rish mumkinki, ayol yig‘layotgan bolaning ustiga chiqib, o‘tirib olgan va boshi uzra adyolni mahkam qisgan. Video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini dahshatga soldi.

Sanoqli soatlar ichida videorolikka mingga yaqin izoh qoldirildi. Biroq, keyinchalik videoni o‘chirishdi, deya xabar beradi Tengrinews.

Qarag‘anda viloyati Ichki ishlar departamenti matbuot xizmati ushbu rolikka izoh berdi va gumonlanuvchi aniqlanganini xabar qildi. Ushbu holat bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-modda 2-qismi bilan sudga qadar tergov boshlandi.

Ayni paytda tergov ishlari olib borilmoqda. Ekspertizalar belgilangan.

«Politsiya xodimlari tomonidan Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi internet-resurslar monitoringi davomida Shok_krg sahifasida video aniqlandi. Unda ayolning bola ustiga adyol tortishi va uni kuch bilan ushlab turishi tasvirlangan. Ushbu holat politsiyada qayd etildi. Politsiya xodimlari tomonidan videoni o‘rganish chog‘ida, shahardagi bolalar bog‘chalaridan birining 50 yoshli tarbiyachisi ishda bo‘lgan vaqtida ushbu bolani u quloq solmagani va karavotda sakragani tufayli uxlashga yotqiza olmagani, shuning uchun bolaning ustiga adyol tortib, uni kuch bilan ushlab turganini tan oldi. Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi aniqlandi, ular ushbu ayolni javobgarlikka tortish haqida ariza yozishgan. Tafsilotlarni aniqlash chog‘ida shu narsa ma'lum bo‘ldiki, ushbu video joriy yilning may oyida suratga olingan, biroq ijtimoiy tarmoqqa 2018 yilning 27 avgust kuni joylashtirilgan», - deya xabar berishdi mahkama matbuot xizmatidan.

Mavzuga oid