Sport | 09:01 / 08.09.2018
4403
2 daqiqa o‘qiladi

Gus Hiddink faoliyatini Xitoyda davom ettiradi

Foto: chelseadaft.org

Taniqli niderland mutaxassisi Gus Hiddink Xitoy olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Xitoy futbol assotsiatsiyasi hozircha bu haqda rasman ma'lum qilmagan bo‘lsa-da, murabbiyning o‘zi bu ma'lumotni tasdiqlagan.

«Men amalda nafaqaga chiqib bo‘lgandim, biroq bu juda yaxshi ish bo‘lib ko‘rinyapti», - degan 71 yoshli murabbiy.

Hiddinkka 2020 yili Tokioda o‘tadigan yozgi Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish vazifasi yuklatilgan. China.org`ning yozishicha, ushbu vazifa muvaffaqiyatli ado etilgan taqdirda, Tokio Olimpiadasidan so‘ng u milliy terma jamoani qabul qilib olishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, Xitoy milliy terma jamoasiga 2 yildan buyon italiyalik murabbiy Marsello Lippi ustozlik qilmoqda.

Xitoy matbuotidagi xabarlarga qaraganda, Hiddinkning maoshi soliqlarni hisobga olmaganda yiliga 4,7 million dollarni tashkil etadi.

Gus Hiddink murabbiy sifatida Niderlandiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Rossiya va Turkiya kabi mamlakatlarning milliy termalarini, klublardan esa «Chelsi», «Real», «Valensiya» va PSV kabi jamoalarni boshqargan. U 2002 yilgi Jahon chempionatida Janubiy Koreya termasini yarim finalga qadar boshlab borgani bilan Osiyo futbolida o‘z izini qoldirgan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid