YeXHT yig‘ilishida Tojikiston hukumati va muxolifati a'zolari janjallashib ketdi
Varshavada Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) inson huquqlari bo‘yicha yig‘ilishida Tojikiston delegatsiyasi a'zolari va tojik muxolifati tarafdorlari o‘rtasida janjal chiqdi.
Yig‘ilish o‘tayotgan mehmonxonadan chiqish joyida tojik muxolifati vakili Sulaymoni Orzu va Tojikiston rasmiy delegatsiyasi vakili o‘rtasida mojaro chiqqan. Guvohlarning aytishicha, Orzu rasmiy delegatsiya vakili, Tojikiston islom uyg‘onishi partiyasining sobiq a'zosi Ayomiddin Sattorovga “Siyosiy mahbuslarga ozodlik” xeshtegi yozilgan qog‘ozni berib, uni suratga olmoqchi bo‘lganda rasmiy delegatsiya vakili tomonidan yuziga musht tushirilgan.
Ta'kidlanishicha, bundan ranjigan Orzu unga musht tushirgan va yana bir necha boshqa kishi, jumladan sobiq muxolifatchi Sattarov o‘tirgan mashina oldiga borgan. Ular o‘rtasida bir necha daqiqa bahs ketgan. So‘ngra mashina joyidan keskin qo‘zg‘algan va muxolifat delegatsiyasining yana bir a'zosi Shuhrati Rahmatulloning oyog‘ini urib o‘tgan.
Bu orada Tojikiston hukumati delegatsiyasi muxolifatchilar tomonidan ig‘volar uyushtirilayotganini ma'lum qilmoqda. Tojikiston islomshunoslik markazi raisi o‘rinbosari Rustam Azizining aytishicha, janjal hukumat a'zolari tushlikdan qaytayotganda yuz bergan. “Yonimizga muxolifat tarafdorlari kelib, o‘z shiorlarini ko‘rsata boshlashgan. Ular aniq janjal chiqarmoqchi bo‘lishgan. Muxolifat tarafdorlari bir necha marta elchi mashinasiga tepishgan. Politsiya vakillari kelib, kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni o‘rganib chiqishgan. Ular muxolifat a'zolarini so‘roq qilishgan. Kechki yig‘ilishda YeXHT vakili bu voqea uchun hukumat delegatsiyasidan uzr so‘radi”, deb ma'lum qilgan Azizi.
YeXHTning yig‘ilishi 10 sentabrda boshlandi. Yig‘ilishning ilk kuni Tojikiston hukumati delegatsiyasi rahbari Nizomiddin Zohidi Tojikiston islom uyg‘onishi partiyasining Tojikiston hududidagi teraktlarda ishtirok etgani dalillar bilan isbotlanganini aytgan. Uning aytishicha, Dushanbe YeXHTning dasturi va maqsadlarini ma'qullaydi, biroq terrorchilikka qarshi kurashda terrorchilarni “o‘ziniki” va “o‘zgalar”ga ajratishga qarshi chiqadi.
Mavzuga oid
19:32 / 31.10.2024
Tojikiston prezidenti ijtimoiy tarmoqlardagi «layk» uchun odamlarni ta’qib qilmaslikni talab etdi
14:16 / 31.10.2024
Tojikistonda Counter Strike va GTA videoo‘yinlarini taqiqlash taklif qilindi
08:50 / 26.10.2024
Shavkat Mirziyoyev YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:50 / 25.10.2024