O‘zbekiston | 17:32 / 14.09.2018
8283
4 daqiqa o‘qiladi

Milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanadi 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “2018–2022 yillarda milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

2018–2022 yillarda milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi;

2018–2022 yillarda milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanishi mumkin.

Vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlar sifatli hamda to‘liq bajarilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yiladi.

Kontseptsiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

madaniyat sohasiga oid normativ-huquqiy bazani, ushbu sohadagi institutsional tizimni va madaniyat muassasalari faoliyatini takomillashtirish;

tarixiy va madaniy merosimizni saqlash hamda uni o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda qo‘llash;

an'anaviy va umuminsoniy qadriyatlarni yosh avlod ongiga singdirish, etnik madaniy an'analarni asrab-avaylash va unga asoslangan xalq ijodiyotini qo‘llab-quvvatlash;

aholi, shu jumladan yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va kengaytirish, ijod erkinligini ta'minlashga erishish;

madaniyat sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, milliy madaniyatni yanada keng tadqiq va targ‘ib etish jarayonida innovatsion g‘oyalar va texnologiyalardan samarali foydalanish;

madaniy hayotda faol ishtirok etish va madaniyat sohasidagi xizmatlardan to‘liq foydalanishda fuqarolarning, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy tengligini ta'minlash;

boshqa xalqlar madaniyatlari bilan o‘zaro ochiq munosabatlarni tashkil etish va rivojlantirish, milliy madaniyatga jahon madaniyatining ajralmas qismi sifatida qarash, madaniyatlararo munosabatlarda teng huquqlilik va inson huquqlarini hurmat qilishni yanada rivojlantirish;

qabul qilinayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniyat sohasiga oid qarorlarning ushbu sohadagi yagona davlat siyosatiga mosligini ta'minlash;

madaniyat va san'at muassasalarini to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash, obektlarni saqlash hamda muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

Kontseptsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish jarayonining samarali muvofiqlashtirilishi hamda tizimli monitoringi, ularning ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot berilishini ta'minlaydi;

Kontseptsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarni aniq ko‘rsatkich va natijalarni ko‘rsatgan holda muntazam ravishda tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e'lon qilib borilishi choralarini ko‘radi;

zarur hollarda, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralarni Kontseptsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda ishtirok etishga, shuningdek, milliy madaniyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qilishga jalb qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid