O‘zbekiston | 18:48 / 17.09.2018
5342
3 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan yili avtomobil yo‘llari orqali qancha yuk tashilgani aytildi

Foto: KUN.UZ

2018 yilning 20-21 sentabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan «Markaziy Osiyo xalqaro transport tizimida: strategik istiqbol va amalga oshirilmagan imkoniyatlar» mavzusidagi Xalqaro konferensiya doirasida Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladigan sho‘'ba yig‘ilishida qatnashish uchun bugungi kunga qadar qo‘mita tomonidan taklif etilgan mehmonlarning 27 tasi – Xalqaro konferensiyada ishtirok etishlarini tasdiqladi.

Taklif etilgan mehmonlar orasida Xalqaro yo‘l federatsiyasi vakillari, TRASeKA Hukumatlararo komissiya bosh kotibi, Xalqaro yo‘l assotsiatsiyasining bosh kotibi, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari, Tsingapur transport va kommunikatsiya vazirligi, Yaponiya, Germaniya, Turkiya hamda Markaziy Osiyoning yo‘l sohasidagi kompaniyalari top-menejyerlari ham borligi bu tadbirga bo‘layotgan qiziqishning jiddiy ekanligini bildiradi.

Sohaga oid sho‘'ba yig‘ilishida jami 110 kishi, jumladan, 71 nafar xorijiy mehmon, 39 nafar mahalliy mutaxassis ishtirok etadi.

Ma'lumot uchun aytib o‘tish kerakki, respublikadagi jami avtomobil yo‘llar tarmog‘i qariyb 184 ming kilometr uzunlikda bo‘lib, undan 42676 kilometri – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, 116560 kilometri - ichki xo‘jaliklararo, qishloq, shahar va ovullarning avtomobil yo‘llari, 24750 kilometri esa - idoraviy inspektorlik yo‘llari tarmog‘i hisoblanadi.

So‘nggi ikki yil ichida jahon miqyosida avtotransport vositasida yuklarni tashish hajmi 50,8 foizdan – 70,6 foizga oshgan. Shundan kelib chiqqan holda, transport-tranzit avtomobil yo‘llaridan samarali foydalanish – har qanday davlat uchun ulkan daromad manbaidir.

Qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari doirasida ular bilan hamkorlikda yangi avtomobil yo‘llari qurish, u orqali xorij davlatlariga yo‘l ochish, ayni paytdagi avtomobil yo‘llarini esa birgalikda ta'mirlab, foydalanish kabi g‘oyat samarali ishlar haqida kelishib olingan. Buning natijasida yuklarni avtomobil yo‘llari orqali tashish hajmi – o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra 1,04 milliard tonnani tashkil etib, bu – oldingi yilga qaraganda 3,7 foizga ko‘p. Tranzit yuklarni tashish hajmi ham yildan-yilga ortib bormoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 10 ta xalqaro transport yo‘laklari hamda ushbu yo‘nalishlardagi avtomobil yo‘llarini ta'mirlash, qayta qurish va foydalanish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimiz bu boradagi 11 xalqaro konvensiya a'zosi hisoblanadi, 29 davlat bilan sohaga tegishli shartnomalarga imzo chekkan.

Ushbu tadbirlar doirasida – O‘zbekiston Respublikasi hududidan xalqaro yuklarni tashishga mo‘ljallangan 52 ta avtomobil yo‘llari belgilangan.

Mavzuga oid