O‘zbekiston | 18:34 / 19.09.2018
8771
4 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligida AKT: onlayn-monitoring, mobil ilovalar

Foto: Over Vitens

Vazirlar Mahkamasining 10.09.2018 yildagi 714-son qarori bilan suv xo‘jaligi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 12.02.2018 yildagi PF-5330-son farmoni bilan Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ikkita idoraga: Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligiga ajratilgan. 
 
Tasdiqlangan kompleks innovatsion chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari jalb qilinadi. Suv xo‘jaligini modernizatsiyalash to‘rtta asosiy yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi.
 
1. Gidrouzellar, suv omborlari, magistral kanallar va suv xo‘jaligining boshqa muhim obektlarida suv sarfi va boshqa ko‘rsatkichlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘plash onlayn-tizimini joriy qilish
 
Tajriba loyihalari «Zarafshon» va «Janubiy Mirzacho‘l» magistral kanallarida joriy qilinadi. Ularni 2020-2022 yillarda amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.
 
Amudaryoning Tuyamo‘yin suv ombori Ellikqal'a va Bo‘ston kanallarida zamonaviy kuzatuv va boshqaruv (SCADA) tizimi joriy qilinadi (2020 yil may oyi).
 
Suv sarfi bo‘yicha yagona ma'lumotlar bazasini yaratish uchun dispetcherlik alohida maxsus server, katta videoekran (multidispley), zamonaviy kompyuter, plotter, proyektor, printer va boshqa uskunalar bilan jihozlanadi.
 
2. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda zamonaviy texnologiyalar va dasturlarni joriy etish
 
Shu maqsadda BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tavsiya etilgan dasturlardan foydalaniladi. Eng avvalo, ularning asosida ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi, ularning natijalari tahlil qilinadi va hududlarimizga moslashtiriladi. Loyihalarni amalga oshirish 2022 yildan boshlanadi.
 
2020 yildan boshlab hududlarda irrigatsiya tarmoqlarida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
 
3. Suvni boshqarishni va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarida elektr energiyasi iste'molini onlayn-monitoringini tashkil etish
 
Real vaqt rejimida kuzatish uchun maxsus avtomatlashtirilgan tizim yaratiladi. Uni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tarmoq jadvalda ko‘rsatilgan muddatlarda ishlab chiqiladi.
 
4. Zamonaviy AKTdan keng foydalanish orqali suv kadastrini yuritishni yo‘lga qo‘yish va mobil ilovalar yaratish
 
2020 yilga kelib suv resurslarining yagona ma'lumotlar bazasi yaratiladi, idoralararo o‘zaro axborot almashish tezkor tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
 
Yana bir ma'lumotlar bazasi suvdan foydalanish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati va gidrotexnik inshootlarning asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma'lumotlarni qamrab oladi. Bu ma'lumotlarni tahlil qilish, shuningdek ularni elektron nusxada saqlash uchun yagona dasturiy ta'minot yaratiladi.
 
2019 yilning iyun oyida sug‘orishda suvni tejaydigan yangi texnologiyalar, shu jumladan tomchilatib sug‘orish tizimi bo‘yicha kerakli bilim va ma'lumotlarni olish imkonini beradigan mobil ilova yaratish va uni foydalanishga chiqarish ko‘zlanmoqda.
 
Bunday texnologiyalarni ishlab chiqaruvchilar va undan foydalanuvchilar o‘rtasida ma'lumot almashuvini yo‘lga qo‘yish imkoniyati mazkur resursning muhim funksiyalaridan biri bo‘ladi.
 
Hujjat 12.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid