12:41 / 01.10.2018
26967

FXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan o‘zbekistonlik 15 yilga qamaldi

Foto: Gennadiy Gulyayev / Kommersant'

Rossiyada Bilimlar kunida terakt sodir etishga tayyorgarlik ko‘rgan, FXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarosi Murodbek Qodirov boshqa jinoyati uchun qamaldi. Bu haqda «Kommersant'» xabar bermoqda.

Tergov yakuniy versiyasiga ko‘ra, Qodirov Internetdagi onlayn-translyatsiya paytida Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan qo‘shinlar qismida o‘zini o‘zi portlatmoqchi bo‘lgan.

FXX Murodbek Qodirov 2017 yilda qo‘lga olinganidan so‘ng, o‘zbekistonlik 1 sentabr kuni odamlar gavjum bo‘ladigan joyda terakt sodir etishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumonlanayotgani haqida xabar berdi. Uning uyida kuchli bomba topildi.

Meshchansk tumani sudida, shuningdek, Moskva okrugi harbiy sudida yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan jarayon davomida Murodbek Qodirov aybini tan olib, Rossiyaga terakt sodir etish maqsadida kelganini xabar qilgan.

FXX va qo‘lga olinganidan keyin tergov bilan faol hamkorlik qilgan Qodirovning versiyasiga ko‘ra, u Suriya bombardimon qilinishi tufayli o‘ldirilgan akasi uchun qasos olish maqsadida teraktga tayyorgarlik ko‘rgan. 2017 yilning 29 iyul kuni Qodirov Telegram orqali IShIDga sodiqlik keltirib, terrorchilar yetakchilaridan biridan «Moskva mintaqasida terrorchilik xuruji sodir etish haqida ko‘rsatma olgan».

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Qodirov va uning sheriklari teraktni havo-kosmik kuchlari qismlaridan birida uyushtirishni rejalashtirishgan. Ular shu tariqa «davlat hokimiyati organlari ishini beqarorlashtirish» va «ularga Suriyadagi harbiy amaliyotni to‘xtatish haqida qaror qabul qilinishi maqsadida ta'sir o‘tkazish»ni mo‘ljallashgani aytiladi.

FXX xodimlarining aniqlashicha, 2017 yilning 27-30 avgust kunlari Qodirov terakt sodir etilishi lozim bo‘lgan qism haqida ma'lumot yig‘ib borgan.

Murodbek Qodirovning ishini ko‘rib chiqqan harbiy sud uni 15 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Mavzuga oid
Top