Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jahondagi ziddiyatlar: talaba-yoshlar qanday fikrda?
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga yuzlandi: jahon siyosiy sahnasida ro‘y berayotgan jarayonlarga ular qanday baho beradi?
Bo‘lajak diplomatlar davrasida uchta mavzu: Rossiya–Ukraina urushi, AQSh–Eron ziddiyati va Tayvan mojarosi turlicha rakurslardan ko‘rib chiqildi.
Suhbatda Ijtimoiy va siyosiy fanlar instituti talabalari Lutfulloxon Haydarov, Zuhriddin Po‘latov, Muhammadsodiq Muhammadsiddiqov, Sarvarbek Ismoilov va Xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari Farangiz Qoraqulova, Azamat Rahimov, Azizbek Rasulov, Og‘abek Rabbimov ishtirok etdi.
To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Quyida suhbatning kirish qismidan kichik parcha keltirib o‘tiladi.
— Ukraina urushi NATO kengayishining oqibatimi yoki Rossiya siyosatining natijasi?
Lutfulloxon Haydarov: Vladimir Putin Sovet Ittifoqining parchalanishini XX asrning eng katta fojiasi deb atagan. Bu fikr shuni anglatadiki, sovet davlati qulaganidan so‘ng Putin va umuman Rossiya siyosiy elitasi ongida imperiyaviy tafakkur saqlanib qolgan. Tarixiy nuqtayi nazardan qaraganda, Rossiyaning so‘nggi qariyb 500 yillik tashqi siyosati deyarli o‘zgarmagan: qo‘shni hududlarga harbiy bosim o‘tkazish, ularni nazorat ostiga olish, bufer zonalar yaratish va shu orqali o‘z xavfsizligini ta’minlash.
Bu yondashuvni bugungi kunda ham kuzatish mumkin: Rossiya–Gruziya urushi, Qrim anneksiyasi va Chechenistondagi harbiy harakatlar bunga misol bo‘la oladi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirarkan, dastlab Ukrainadagi rus aholisi himoyasi vajini ilgari surdi. Biroq agar bunday muammo real va tizimli bo‘lganida, xalqaro huquq mexanizmlari – masalan Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoki xalqaro sudlar orqali hal etilishi mumkin edi. Amalda esa Rossiya diplomatik yo‘lni tanlamadi va harbiy bosqinchilikni boshladi.
Urush kutilgan natijani bermagach, rasmiy pozitsiyalar tez-tez o‘zgara boshladi. Orada “G‘arbga qarshi kurash” narrativi ham ilgari surildi. Bu o‘zgaruvchan izohlar aniq strategik asosdan ko‘ra, vaziyatga moslashtirilgan bahonalarni eslatadi.
1997 yilda Rossiya siyosiy doiralariga yaqin shaxs – Konstantin Zatulin tomonidan chop etilgan maqolada Rossiyaning qo‘shni davlatlarga nisbatan siyosati haqida muhim tezislar ilgari surilgan edi. Unda Ukrainaga alohida urg‘u berilib, uning zaiflashuvi Rossiya manfaatlariga xizmat qilishi mumkinligi, shuningdek, rus aholisi masalasidan siyosiy vosita sifatida foydalanish mumkinligi qayd etilgan. Hozirgi voqealar ushbu yondashuvlarning amaliy siyosatda aks etayotganini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Ukrainadagi urushning asosiy sababi – NATOning kengayishi emas, balki Rossiyaning tarixan shakllangan imperiyaviy ambitsiyalari bilan bog‘liq.
Farangiz Qoraqulova: Albatta, Rossiyaning imperiyaviy xarakteri bu jarayonlarda muhim omil bo‘ldi. Shu bilan birga, NATO kengayishi ham bu urushga turtki bergan omillardan biri edi.
Rossiya uchun Ukraina masalasi va NATOning sharqqa kengayishi qachon “qizil chiziq”qa aylandi, degan savolga javob 2008 yil, Buxarest sammitiga borib taqaladi. Aynan shu sammitda NATO Ukraina va Gruziyaning kelajakda alyans a’zosi bo‘lishi mumkinligini e’lon qildi. Garchi ularga a’zolik uchun zarur bo‘lgan a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi berilmagan bo‘lsa-da, bu holat Rossiya tomonidan jiddiy xavfsizlik tahdidi sifatida qabul qilindi.
Bundan tashqari, rasmiy hujjatlar bilan mustahkamlanmagan bo‘lsa-da, 1990 yilda Germaniyaning birlashuvi jarayonida G‘arb tomonidan muayyan siyosiy va’dalar berilgani haqida tez-tez fikr bildiriladi. Xususan, o‘sha paytdagi AQSh davlat kotibi Jyeyms Beyker “NATO sharqqa qarab bir dyuym ham kengaymaydi” degan mazmunda bayonot bergani qayd etiladi. Bu fikrni keyinchalik Mixail Gorbachyov ham, Vladimir Putin ham o‘z pozitsiyalarini asoslashda tilga olib keladi. Shu bois Rossiya bu masalani G‘arbning norasmiy va’dalaridan voz kechishi va strategik muvozanatni buzishi sifatida talqin qiladi.
To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
21:50
Rossiya urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishdan «ma’no ko‘rmayapti»
18:34
Bu yil Moskvadagi G‘alaba paradida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qatnashmaydi
07:52
Mudhish qotillikka qo‘l urgan o‘zbekistonlik ayol Rossiya ruhiy kasalliklar shifoxonasida qoldirildi
15:20 / 06.05.2026