Jamiyat | 21:01 / 10.10.2018
5347
4 daqiqa o‘qiladi

12-18 noyabr: Global tadbirkorlik haftaligi 

“Global tadbirkorlik haftaligi” har yili dunyo bo‘ylab 160 mamlakatda o‘tkazilib, mahalliy tadbirkorlik ekotizimini yaratish va rivojlantirishga ko‘mak berish bo‘yicha faoliyat olib boradi.

O‘tgan yili ilk marta o‘tkazilgan “Global tadbirkorlik haftaligi” tadbirlarida 6 ming nafardan ortiq yoshlar, 150 nafardan ortiq mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etgan edi.

Joriy yilning 12 –18 noyabr kunlari o‘tkaziladigan “Global tadbirkorlik haftaligi” oldidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Bunyodbek Bahrombekov, tajribali tadbirkor  Hikmat Abdurahmonov, Zuhra Abdurahmonovalar spiker sifatida qatnashdi.

Matbuot anjumanida ta'kidlanganidek, “Global tadbirkorlik haftaligi” O‘zbekiston milliy tadbirkorlik ekotizimi yaratish, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, chet el tadbirkorlarini mamlakatimizda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti bilan yaqindan tanishtirish, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun muhim tarmoqqa aylanmoqda. Tadbirkorlik haftaligi doirasida Toshkent shahri va Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida maxsus biznes treninglar, taqdimotlar, mahorat darslari, B2B uchrashuvlar tashkil etish belgilangan. Shuningdek, respublikaning barcha hududlarida Yosh tadbirkorlar biznes forumi tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish maqsadida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi qabul qilinganligi haqida atroflicha ma'lumot berildi. “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasida yoshlarning biznes tashabbuslari, “startap”lari, g‘oya va loyihalarini amalga oshirish tizimi yaratilgan.

O‘tgan qisqa davr mobaynida, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga zaruriy infratuzilmalar yaratildi. Xususan, hududlarda 98 ta “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari hamda 14 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking markazlari tashkil etildi. Bugungi kunga qadar, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1720 ta biznes loyiha jami 196,2 mlrd. so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘i bilan moliyalashtirilib, 5114 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.

Tadbirkor Hikmat Abdurahmonov bugungi kunda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘tkaziladigan mazkur tadbirkorlik haftaligi mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bilan birgalikda, yoshlarni o‘z shaxsiy biznesini tashkil etishga rag‘batlantirish uchun xizmat qilayotganligini alohida ta'kidladi.

“Global tadbirkorlik haftaligi”ni o‘tkazishdan asosiy maqsad – muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar bilan yosh tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini shakllantirish, ularni yangi g‘oyalarga ilhomlantirish va yoshlar orasida biznes yuritish madaniyatini shakllantirish, mamlakatimizda tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirish, biznesni rivojlantirishda qo‘l keladigan dunyodagi ilg‘or tajriba va zamonaviy vositalar bilan yoshlarni tanishtirish hamda O‘zbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishdan iborat.

Shahnoza Nurullayeva

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid