Jamiyat | 15:00 / 10.10.2018
6192
4 daqiqa o‘qiladi

Adashgan yoshlarga yana bir imkon berildi

Yoshlar ertamiz ko‘zgusi. Ularning kelajagi butun bir millatning shirin tashvishidir. Hozirda barcha jabhada yoshlar masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish uchun  bir qator tashkilot va idoralar mas'ul etib belgilangan.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Toshkent shahar hokimligi va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent shahar Xalq ta'limi bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar Prokuraturasi hamkorligida “Shu Vatanga bordir mening keragim!” loyihasi ishlab chiqildi.  Mazkur loyiha doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi  Toshkent shahar yoshlar markazida Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar, nosog‘lom oila farzandlarini hisobdan chiqarish uchun Ichki ishlar profilaktik hisobida turuvchi voyaga yetmaganlar bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Unga yuqori malakali psixologlar va imom xatiblar jalb qilingan holda Ichki ishlar profilaktik hisobida turuvchi voyaga yetmagan o‘quvchi-yoshlar bilan yakka tartibda suhbatlar tashkil etildi. Ishtirokchilarning dunyoqarashi, jamiyatdagi ijtimoiy faolligi o‘rganilib, yakuniy xulosalar asosida Ichki ishlar idoralaridagi profilaktik hisobdan chiqarishga tavsiya beriladi.

Farzand ota-onaning ko‘zgudagi aksi. Ulardagi har qanday illatning ildizi tarbiyaga borib taqaladi. Ota-onadagi illat farzandga “Kuchli virus”dek tez yuqadi. Chunki farzand ko‘z o‘ngida uning ota-onasi ideal inson sifatida gavdalanadi. Kattalarning xatti-harakatlaridagi xatoliklarni ham to‘g‘rilikka yo‘yib, o‘zi amalda qo‘llab ko‘radi. Nosog‘lom muhitda noto‘g‘ri tarbiyalanib boraveradi. Oqibatda turli xil ko‘ngilsizliklar kelib chiqadi, — deydi Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi xodimi Abdurashid Ochilov. — Agar bola tarbiyasiga to‘g‘ri yondashilib, uni yoshligidan haqgo‘ylikka, o‘qishga, mehnatkashlikka o‘rgatib borilsa, u o‘z-o‘zidan barkamol avlod sifatida voyaga yetadi.

“Shu Vatanga bordir mening keragim!” loyihasi davomida 12 oktabr kuni “Yoshlar markazi”da Ichki ishlar profilaktik hisobidan chiqarilgan o‘quvchi yoshlar hisobdan chiqarilganlik haqidagi maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanib, ma'naviy-ma'rifiy dasturda qatnashishadi. 13 oktabr kuni ularning Samarqand shahriga sayohati uyushtiriladi.

Mazkur loyihada 150 dan ortiq Ichki ishlar profilaktik hisobida turuvchi voyaga yetmaganlar ishtirok etadi.

Yakka tartibdagi suhbatlar natijasida Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar ro‘yxatdan chiqarilib, ularga 4 kunlik  o‘quv-seminar o‘tkaziladi. Imkoniyat va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda ta'lim muassasalarida yo‘nalishlar bo‘yicha  sardorlikka saylanadi. Bundan tashqari, yoshlarning xohish-istaklari va qiziqishlariga qarab kasb-hunar to‘garaklarida o‘qitiladi, — deydi  O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi bosh mutaxassisi Asqarjon Hasanov

Shahnoza Nurullayeva

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid