Sport | 12:14 / 11.10.2018
16185
3 daqiqa o‘qiladi

Odil Ahmedov: «Milliy terma jamoada ko‘proq himoyaviy futbolga e'tibor berilmoqda»

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 6 oktabrdan buyon Toshkentda yig‘in o‘tkazmoqda. 10 oktabr kuni jamoa ilk marta to‘liq tarkibda mashg‘ulotlar olib bordi. Terma lageriga oxirgi bo‘lib Xitoyning «Shanxay SIPG» klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov yetib keldi.

«Kun.uz» muxbiri navbatdagi mashg‘ulotlar oldidan O‘zbekiston termasi sardoridan qisqa intervyu oldi. 

- Ektor Kuper taktik o‘quv mashg‘ulotlarida ko‘proq qaysi jihatlarga urg‘u beryapti?
- Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha taktikasi va ish uslubi bo‘ladi. Ko‘proq himoyaviy futbolga qaratilyapti. O‘sha taraflama boshqa murabbiylardan farq qilishi mumkin.

- Til borasida muammo va tushunmovchiliklar bo‘lmayaptimi?
- Tarjimon bor. Qolaversa, futbolda ko‘p narsalar terminlar bilan nomlanadi va ularni futbolchilarning hammasi tushunadi. Shuning uchun, menimcha, [til borasida] muammo yo‘q.

- Terma jamoa qatorasiga 9 ta o‘yindan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Bu o‘yinlarda urilgan 2 ta gol urilgan, ular ham penaltidan... 
- Hozir ruhiy tarafdan bizga biroz qiyin. Chunki g‘alaba juda ham kerak. Bu o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ladimi, [buning ahamiyati yo‘q]. Hozir o‘n uchinchida bo‘ladigan o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, g‘alaba qozonsak, menimcha hammasi joyiga tushib ketishi kerak.

- Osiyo kubogida JCh-2018 ishtirokchisi Yaponiya bilan bir guruhdan joy olganmiz. Yanvargacha yaponlarga va umuman Osiyo grandlariga munosib qarshilik ko‘rsata oluvchi raqibga aylanishimiz mumkinmi?
- Bu murabbiyning taktikasi boshqacha. Uni yigitlarga singdirish uchun 1-2 hafta yetmaydi. Har bir murabbiy o‘z ishini ko‘rsatishi uchun ancha vaqt kerak. O‘ylaymanki, Osiyo chempionatigacha muayyan natijaga erishsa bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston termasi 13 oktabr kuni Koreya Xalq Demokratik Respublikasi, 16 oktabrda Qatar termalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi. Har ikkala bahs ham «Milliy» stadionda, soat 19:00 da boshlanadi.

Ma'lumot uchun, avvalroq argentinalik mutaxassis Ektor Kuperning faoliyati va mashg‘ulot jarayonlariga oid ba'zi yangi tafsilotlar e'lon qilingan edi.

O‘zbekiston terma jamoasi mashg‘ulotlaridan reportaj. Tarkibda o‘zgarishlar bor
Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid