20:00 / 11.10.2018
14457

Shavkat Mirziyoyev Al-Azhar majmuasi rahbarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 oktabr kuni yurtimizga tashrif bilan kelgan Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyibni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisining shu yil 4-5 sentabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lida tarixiy qadam bo‘lganini qayd etdi. 

Bugungi kunda muqaddas islom dinining bag‘rikenglik tamoyillarini, ma'rifiy qadriyatlarini targ‘ib etish, uning insonparvarlik mohiyatini saqlash, diniy-ma'naviy merosni tadqiq etish, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida O‘zbekiston va Misrda katta ishlar qilinayotgani uchrashuvda bayon etildi. 

Xususan, «Jaholatga qarshi ma'rifat» bilan kurashish tamoyili asosida islomning ezgu g‘oyalarini zamondoshlarimizga, birinchi navbatda yoshlarga yetkazish maqsadida Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Davlat rahbari Al-Azhar universiteti bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari diniy ulamolar, olimlar, malakali professor-o‘qituvchilar va iqtidorli talabalar almashuvini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. 

Al-Azhar o‘z tarkibida islom tadqiqotlari akademiyasi, universitet, ma'hadlar, jome masjidi, bir qancha ilmiy markazlarni birlashtirgan yirik rasmiy diniy majmua hisoblanadi. 

Misr Bosh imomi Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorchilik izhor etar ekan, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisining samimiy salomlari va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Ahmad Tayyib O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuqori baholadi.

O‘zbekistonda islom dinining asl mohiyatini o‘rganish va targ‘ib qilish, diniy-ma'naviy merosni keng tadqiq etish borasida olib borilayotgan siyosatni, BMTda ilgari surgan qator tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

U islom dini ravnaqiga katta hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy singari buyuk ulamolarning bebaho ilmiy merosini birgalikda o‘rganish muhim ekanligini qayd etdi.

Shayx Ahmad Tayyib O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining birinchi faxriy professori unvoni berilgani o‘zi uchun katta sharaf va ehtirom ekani hamda mas'uliyat bag‘ishlashini bildirdi. 

Ahmad Tayyib Xalqaro islom akademiyasi tarkibida Al-Azhar universiteti kafedrasini tashkil etish, misrlik taniqli olimlarning yurtimizda dars berishi, Al-Azhar magistraturasida talaba va yosh olimlarimizning imtiyozli tahsil olishi, ikki davlat ulamolarining qo‘shma Fatvo hay'atini tuzish hamda birgalikda ilmiy anjumanlarni va qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatladi.

Yuqori martabali diniy arbob O‘zbekiston bilan munosabatlarni nafaqat ta'lim va gumanitar sohalarda, balki barcha jabhalarda izchil rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida Misr tomonining sa'y-harakatlari qat'iyligiga ishonch bildirdi.

Top