O‘zbekiston | 09:33 / 11.10.2018
3735
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida xalq ta'limi sohasida DXSh sinov loyihalari amalga oshiriladi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan ikki maktab bazasida xalq ta'limi sohasida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) sinov loyihalari amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi (136- va 141-sonli maktablar asosida) pilot loyihalarini amalga oshirish uchun investorlar o‘rtasida tanlov e'lon qildi.

Hozirda, Toshkent shahrida 300 ta umumta'lim maktablari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 200 tasida yuklanma yuqori darajada qolgan 100 tasida esa ko‘rsatkichlar past ekanligini kuzatish mumkin. Loyiha amalga oshirilayotgan 136- va 141-sonli maktablar ham aynan ikkinchi guruhga kiritilgan.

– Ushbu pilot loyihalar bilan biz xalq ta'limi sohasiga xususiy mablag‘larni jalb etish niyatidamiz. Investitsiyalar bilan birga biz ta'lim sohasiga innovatsiyalar va malakali o‘qituvchilarni jalb etamiz, bu esa ta'lim sifatini oshirishga ko‘mak beradi. DXSh loyihasi doirasida investorlar bolalarning ta'lim olishlari va o‘qituvchilarning samarali ishlashlari uchun hamma sharoitlarni yaratishlari kerak bo‘ladi. O‘z o‘rnida sarmoyadorlar maktab mulki va obektlaridan 30 yil mobaynida beg‘araz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, – deb ta'kidladi Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Sarvarbek Babaxodjayev.

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan maktablar o‘z faoliyatlarini 2019-2020 o‘quv yilida boshlashlari kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid