Jamiyat | 15:44 / 12.10.2018
9763
3 daqiqa o‘qiladi

Butunjahon shaxmat Olimpidasida munosib ishtirok etgan sportchilar taqdirlandi

O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasida Gruziyaning Batumi shahrida 23 sentabr 6 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan 43-Butunjahon shaxmat Olimpidasida munosib ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda sportchilar, shaxmat federatsiyasi mutasaddilari hamda ushbu sport muxlislari ishtirok etdi. 

Shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan erkaklar va ayollar terma jamoa a'zolariga maqtov yorliqlari topshirildi.

Shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a'zolari musobaqada 36-o‘rin bilan start olib, 11 tur natijalariga ko‘ra, 16-o‘rinni qayd etdi. Erkaklar o‘rtasidagi(Open) bahslarda dunyoning 180 mamlakatidan 918 nafar sportchi ishtirok etdi. Bundan oldin, erkaklar terma jamoasining eng yuqori natijasi 1992 yil Filippinda o‘tkazilgan Olimpiadada 2-o‘rin bo‘lgan, 2000 yil Turkiyada o‘tkazilgan Olimpiadada 11-o‘rin, 2006 yil Italiyaning Turin shahrida o‘tkazilgan Olimpiadada 14-o‘rinni egallagan edi. Erkaklar terma jamoasi a'zosi 16 yoshli Nodirbek Yaqubboyev xalqaro grossmeysterlik unvonining ikkinchi talabini bajardi.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a'zolari 31-o‘rin bilan startni boshlab, musobaqa yakuniga ko‘ra, 17-o‘rinni egalladilar. Ushbu natija O‘zbekiston ayollar terma jamoasining Butunjahon shaxmat Olimpiadasidagi eng yuqori natijasidir.

Mazkur musobaqada ayollar o‘rtasidagi bahslarida 151 mamlakatdan 747 nafar sportchi ishtirok etdi.    

Ayollar terma jamoasi reyting kategoriyasi bo‘yicha (“B” guruhda) oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Bundan oldin 1996 yil Yerevanda o‘tkazilgan Jahon Shaxmat Olimpiadasida ayollar terma jamoasi 19-o‘rinni qayd etgan edi. 

Terma jamoasi a'zosi Gulruhbegim Tohirjonova munosib ishtirok etib, xalqaro toifadagi sport ustasi talabini bajardi. Shuningdek, Irina Gevorgyan terma jamoaning yuqori natijani qayd etishida o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Musobaqada ayollar terma jamoasining favorit Rossiya terma jamoasini mag‘lub etishi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. 

Musobaqa davomida FIDe Kongressi tashkil etilib, unda Xalqaro Shaxmat Federatsiyasi rahbar organiga o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, Xalqaro Shaxmat Federatsiyasi prezidentligiga Arkadiy Dvorkovich, FIDening Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha 3.4. mintaqasi prezidentligiga Husan Turdialiyev qayta saylandi.

Tadbirning ikkinchi qismida, dunyoning eng yosh grossmeyterlaridan biri Nodirbek Abdusattorov bir vaqtning o‘zida 20 nafar raqibga qarshi shaxmat seansi o‘tkazdi. Shundan so‘ng yosh xalqaro grossmeyster o‘zi munosib deb topgan raqiblariga O‘zbekistonning yetakchi sug‘urta kompaniyalaridan biri hisoblanuvchi «Gross Insurance» kompaniyasining esdalik sovg‘alarini topshirdi.

 

 

Mavzuga oid