Fan-texnika | 12:44 / 13.10.2018
6274
2 daqiqa o‘qiladi

Facebook: xakerlar sentabrdagi kiberhujumda qariyb 30 mln foydalanuvchi ma'lumotlarini olgan

Foto: AFP/Getty Images

Xakerlar 2018 yil sentabr oyidagi kiberhujum natijasida 30 million feysbuk foydalanuvchisining ma'lumotlariga kirishga muvaffaq bo‘ldi, deya xabar berdi ijtimoiy tarmoq ma'muriyati.

Surishtiruvning ko‘rsatishicha, avvaliga xakerlar 400 ming foydalanuvchining kirish kalitlariga ega bo‘lishgan; kiberjinoyatchilar ularning yozuvlari, do‘stlari va guruhlari, messenjerdagi so‘nggi suhbatdoshlarning ismlari va hattoki ba'zi xabarlarning mazmunini ko‘rishlari mumkin edi.

Keyin ular o‘sha 400 ming kishining do‘stlari bo‘lgan 30 million odamning akkauntlariga kirish kalitlarini o‘marishdi. Ularning 15 millionida xakerlar ismlar va aloqa ma'lumotlarini, yana 14 millionida - jinsi, tili, munosabatlar holati, ishi, ta'lim, ishlatiladigan gadjyet hamda boshqa ma'lumotlarni ko‘rishgan. Xakerlar yana bir million foydalanuvchilarning ma'lumotlariga kira olmadilar.

Facebook’dan ma'lum qilishlaricha, ijtimoiy tarmoq FQB bilan hamkorlik qilmoqda. U buzib kirish holatini faol tergov qilyapti va ijtimoiy tarmoqdan hujum ortida kim turgan bo‘lishi haqida so‘ragan.

Kompaniya sentabr oyining oxirida foydalanuvchi ma'lumotlari yana sizib chiqqani haqida xabar berdi. O‘shanda kiberhujum 50 million foydalanuvchiga ta'sir ko‘rsatganligi ma'lum qilindi, biroq, ularga qandaydir zarar yetkazilganmi yoki yo‘qmi, bunga aniqlik kiritilmadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq deyarli butun sentabr oyi davomida O‘zbekistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘i ishida nosozliklar kuzatildi. Servisga kirish bilan bog‘liq muammolar yana VPN-ilovalar ommabopligini oshirdi. Masalan, iOS uchun VPN Proxy Master O‘zbekistondagi eng ko‘p yuklab olingan dasturga aylangan.

Mavzuga oid