Fan-texnika | 12:12 / 19.10.2018
81835
8 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng tezkor poyezdlar qaysi? “Afrosiyob” nechanchi o‘rinda?

Kuni kecha Toshkentni boshqa yirik shaharlar bilan bog‘lovchi “Afrosiyob” poyezdi chiptalarining qimmatlashuvi anchagina shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Ta'kidlash kerak, bu yarim yil ichida ikkinchi marta narx ko‘tarilishidir. Lekin shunga qaramay “Afrosiyob” poyezdlari tezkorligi va qulayligi bilan mijozlar e'tiborini qozongan, nisbatan qimmat chiptalarga qaramay hamisha talabgir.

Xo‘sh, dunyo bo‘yicha eng tezkor poyezdlar qaysi? “Afrosiyob” ular orasiga kira oladimi? Aviatsiya asrida temir yo‘l orqali yo‘lovchi tashish nimasi bilan raqobatbardoshlikni saqlab qolmoqda?

Maqolamizda poyezdlarning tezkorligi bo‘yicha tuzilgan reytingni havola etishdan oldin quyidagi faktlarga e'tiboringizni qaratamiz:

* Dunyoda tezkor poyezdlar ko‘p, lekin ularning aksariyati tezlik bo‘yicha rekord o‘rnatgani holda yo‘lovchi tashishda foydalanilmaydi yoki yo‘lovchilar bilan birga yurganda o‘z imkoniyatlarining katta qismidan foydalanmaydi;

* Ayrim rekordchilar faqat o‘ziga xos va alohida yo‘llarda yura oladilar va ularning tezlik borasidagi rekordlari faqat qayd etish yoki kelajak texnologiyalari uchun bir bosqich vazifasini o‘taydi, ya'ni amalda hali xizmat ko‘rsata boshlamagan.

Reytingda poyezdlarning ham yuqori tezligi, ham yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tezligi bo‘yicha ma'lumotlar joy olgan.

10. Eurostar e320  

Foto: travmagazine

320 km/soat tezlikda harakatlanuvchi e320 Eurostar poyezdlari London, Parij va Bryussel kabi shaharlarni bir-biri bilan bog‘laydi va uzunligi 560 km bo‘lgan mashhur La-Mansh bo‘g‘ozi orqali harakatlanadi. Ikki poytaxt orasida qatnovchi yo‘lovchilar o‘rtacha 2 soatu 15 daqiqada manzillariga yetib borishadi. Bu poyezdlar nemislarning Siemens Velaro zavodida ishlab chiqarilsa-da, Eurostar Fransiya, Buyuk Britaniya va Belgiyaning hamkorlikdagi loyihasi hisoblanadi.

9. Talgo 350 

Foto: KUN.UZ

Biz yaxshi biladigan va yurtdoshlarimiz hamda O‘zbekiston mehmonlariga xizmat ko‘rsatayotgan “Afrosiyob” poyezdi aynan mana shu poyezdning modifikatsiyalaridan biri hisoblanadi. Dastlab Ispaniyaning ikki yirik shaharlari Madrid va Barselonani bir-biriga bog‘lashga mo‘ljallangan Talgo 350 tez orada boshqa davlatlarga ham eksport qilina boshlandi. Bu poyezdning yetakchi avlodlari maxsus yo‘llarda 365 km/soat tezlikka chiqa oladi. Mahalliy aholi uning tumshug‘iga ta'rif berib «Pato» (o‘rdak) deb ataydilar.

8. Shinkansen

Foto: japan-guide.com

Yaponlarning o‘ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlaridan biri Shinkansen Ye5 va Ye6 modellarga ega. Bu poyezdlar o‘z tezliklarini 400 km/soatga chiqara olishadi va muhim jihati tezlik yuqori bo‘lgani holda qulaylik va xavfsizlikka zarar yetmaydi.

7. Velaro E

Foto: Wikipedia

Siemens Velaro ishlangan bu poyezd Ispaniyaning RENFE temir yo‘llar kompaniyasiga tegishli bo‘lib,  maksimal tezligi 404 km/soatga yetadi va bu borada o‘z davlatining yetakchisi hisoblanadi.

6. Aerotrain I80

Foto: Wikipedia

Frantsuz muhandisi Jan Berten tomonidan yaratilgan Aerotrain I80 poyezdi reaktiv dvigatel bilan jihozlangan va 1974 yilda tezlik bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatgan. Ammo 430 km/soat tezlikni qayd etgan bu poyezdga birorta yo‘lovchini tashib pul ishlash nasib etmagan. 1977 yilda Jan Bertenning o‘limidan so‘ng loyiha mablag‘siz qoldi va poyezd ham muzeyga yo‘l oldi. Ammo muhandisning g‘oyasi o‘lmadi – magnit va havo yostiqchalari yordamida harakatlanish uslubi boshqa poyezdlarda qo‘llanildi.

5. CRH380A

Foto: Wikipedia

2010 yilda foydalanishga topshirilgan bu poyezdning o‘ziga xos jihati shundaki bu xitoylik muhandislarning xorijiy konstruksiyalar va texnologiyalardan foydalanmagan holda ishlab chiqargan birinchi seriyali ishlanmalaridir. Uning maksimal tezligi 486 km/soatni tashkil qiladi. Ammo 2011 yildagi baxtsiz hodisadan so‘ng uning ishchi tezligi 300 km/soat qilib cheklangan.

4. Shanghai Maglev Train

Foto: Getty Images

Magnit yostiqchalarda harakatlanuvchi birinchi tijorat poyezdi bo‘lgan Shanghai Maglev Train 2004 ilk bor relsga chiqqan va u Germaniyaning Transrapid kompaniyasi tomonidan ishlangan. SMT 500 km/soat tezlikka chiqa oladi va Shanxay shahrining chekka hududlarini Pudun xalqaro aeroporti bilan bog‘laydi.

3. TGV POS

Foto: Flickr

2007 yilda modifikatsiyalangan TGV POS poyezdi oddiy transport vositalari orasida jahon rekordini o‘rnatdi va 575 km/soat tezlikni qayd etdi. Keyinchalik poyezd o‘zgartirildi – katta g‘ildiraklar o‘rnatildi va faqat ikkita motor qoldirildi. Shundan so‘ng asosan Fransiya va Shveytsariya o‘rtasida harakatlanuvchi poyezdning ishchi tezligi 320 km/soatni tashkil qilmoqda.

2. JR-Maglev MLX01

Foto: Flickr

2003 yilda Yaponiyadagi Yamanasi okrugida joylashgan maxsus yo‘ldagi 40 kilometrli oraliqda 585 km/soat tezlikni qayd etgan MLX01 poyezdining bu rekordi keyingi 12 yil davomida saqlanib turdi va shundan so‘nggina tezlik bo‘yicha yetakchilikni o‘zining keyingi avlodiga bo‘shatib berdi.

1. SCMaglev L0 Series

Foto: Wikipedia

Magnit moslamasida harakatlanuvchi bu poyezdning tezligi aql bovar qilmas darajada va ancha-muncha samolyot u bilan bellasha olmaydi. 2015 yilda 603 km/soat (!) tezlikni ortda qoldirgan bu poyezdda faqat mashinistning o‘zigina bo‘lgan. Yaponlarning texnika mo‘'jizasi hayotga tatbiq etilishi boshlangan hamda u Tokio va Osaka orasida yo‘lovchi tashiydi. Tabiiyki, o‘zining maksimal tezligida emas.

Shu o‘rinda nega bunday poyezdlardan ko‘proq Yevropada, Xitoy yoki Yaponiyada foydalanilishini tushuntirib ketish lozim. O‘rtacha 800-1000 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oluvchi bu poyezdlar muntazam qatnashi va foyda berishi uchun aholi zich ekanligi, ya'ni qatnov potensiali yuqori bo‘lishi shart. Shuningdek, mahalliy aholining azaldan poyezdda harakatlanish madaniyati shakllangani ham juda muhim. Qolaversa, yildan-yilga bu tizim modernizatsiyalanib borishi, maxsus yo‘llar qurilishi, yangi qulayliklar yaratilishi tufayli temir yo‘l tizimi aviaqatnovlar bilan raqobatni boy bermay kelmoqda.

Qiziq fakt: Garchi Yevropa qit'asi, Xitoy yoki Yaponiya poyezdlari o‘zlarining tezkorligi bilan yetakchi bo‘lsalarda, temir yo‘l tizimidagi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot hajmi jihatdan hech bir kompaniya “Hindiston davlat temir yo‘llari” (Indian Railways) bilan bellasha olmaydi. 1832 yilda asos solingan, yana bir rekord daraja – 1 million 600 ming nafar ishchi-xodimi bo‘lgan bu kompaniya yiliga 350 million tonna yuk va rasman 6 milliard nafar atrofida yo‘lovchi tashiydi.

6 milliard nafar deyish ham shartli, albatta. Sababi, shuncha miqdorda chipta sotilsa-da, yo‘lovchilarning aniq sonini hech kim bilmaydi. Chunki tomlarida minglab odamlar bilan yurgan Hindiston poyezdlarini ko‘pchilik ko‘rgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid