Jahon | 21:50 / 21.10.2018
7418
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya, Fransiya va Germaniya Qoshiqchining o‘limi bo‘yicha izoh talab qildi

Foto: AFP 2018 / Ozan Kose

Britaniya, Fransiya va Germaniya qo‘shma bayonotida saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishini keskin qoraladi va Saudiya Arabistoni hukumatini fojia tafsilotlarini zudlik bilan aniqlashga chaqirdi.

"Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligi binosi ichida Jamol Qoshiqchi shafqatsizlarcha o‘ldirilgani haqida bir necha kun tashvish bildirildi, ammo bu voqeaning tasdiqlanishi karaxt ahvolga solib qo‘ydi. Qotillikni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi va biz buni keskin tarzda qoralaymiz", — deyiladi uch davlat bayonotida. 

Bayonotda Saudiya tomoni 2 oktabr kuni nima bo‘lgani haqidagi tafsilotlarni taxminlar bilan emas, balki faktlarga asoslangan ma'lumotlar bilan ma'lum qilishi so‘ralgan. 

"Biz tergov aybdorlar aniqlanmagunicha va kerakli tarzda javobgarlikka tortilmagunicha sinchkovlik bilan davom ettirilishiga chaqiramiz. Bu borada saudiyalik hamkorlar bilan aloqada bo‘lib turamiz", — deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga Belgiyaning FN Herstal harbiy-sanoat kompaniyasi joylashgan Valloniya regioni hukumati Saudiya Arabistoniga qurol eksport qilishga vaqtincha taqiq qo‘yishi mumkinligini ma'lum qildi. Bu haqda hukumat rahbari Villi Borsyu RTBF teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

"Agarda Qoshiqchining o‘ldirilishi haqidagi faktlar tasdiqlansa, biz Saudiya Arabistoniga qurol yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yishimiz mumkinligini istisno etmaymiz", — dedi Borsyu.

Valloniya rahbari Yevroittifoqning saudiyaliklarga qarata bayonotida aytilgan "jiddiy va sinchkov tergov o‘tkazilishi lozimligini" qo‘llab-quvvatladi.

Saudiya Arabistoni FN Herstal mijozlari orasida qurol eksporti hajmi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Mahalliy OAVning ma'lumot berishicha, 2017 yilda kompaniya Ar-Riyodga 157 million yevrolik qurol sotgan. 

AQShning Washington Post gazetasi uchun maqolalar yozgan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Turkiyada, Saudiyaning Istanbuldagi bosh konsulxonasiga kirganidan keyin g‘oyib bo‘lgan. Jurnalistning qaylig‘i so‘zlariga ko‘ra, tashqarida uni 5 soat kutgan, keyin ichkaridagilar u allaqachon ketgani, uni kutish shart emasligi haqida aytishgan.

20 oktabrda Saudiya Arabistoni Istanbuldagi konsulligida jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘lganini tan oldi. Jurnalistning ishi bo‘yicha mamlakatning 18 fuqarosi qo‘lga olingan. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud Umumiy razvedka xizmati rahbari o‘rinbosari, general Ahmad Asiriyni ishdan bo‘shatgan.

Mavzuga oid