Iqtisodiyot | 16:26 / 05.11.2018
57372
10 daqiqa o‘qiladi

G‘isht narxi nega oshib bormoqda?

Asrlar o‘tsa ham g‘isht binokorlikda muhim mahsulotligicha qolmoqda. Ayniqsa O‘zbekiston hududida u asosiy qurilish mahsulotlaridan biri. Ammo so‘nggi paytlarda g‘ishtning bahosi muntazam ravishda oshib boryapti. Qanday omillar bunga sabab bo‘layotganini tahlil qilishga urinamiz.

Balandparvoz tuyular, ammo bu haqiqat – so‘nggi yillarda O‘zbekiston haqiqiy ulkan qurilish maydoniga aylandi. Avvaliga xususiy sektor vakillari yirik qurilishlar olib borishgan bo‘lsa, oxirgi ikki yil davomida davlat tomonidan ham ulkan bunyodkorlik loyihalari amalga oshmoqda. O‘zbekistonda qurilish materiallariga, xususan g‘ishtga bo‘lgan talab muntazam oshib borishi bejiz emas albatta. Lekin uning narxi ham doim ko‘tarilib ketayotgani o‘yga toldirmay qo‘ymaydi. Buning sabablarini o‘rganish maqsadida soha vakillarini suhbatga tortdik.

Birinchi suhbatdoshimiz yirik ishlab chiqaruvchi rahbari, quruvchi-muhandis Davron Yusupov bo‘ldi.

– Davron aka, avvalo bir narsani aniqlab olsak, nega hamma sohalarga kirib borayotgan innovatsion loyihalar qurilishda sustroq ketyapti? Masalan, g‘isht hamon asosiy qurilish materialiligicha qolmoqda, o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmayapti.

– Bu fikringizga qo‘shilmayman. Bizda ham an'anaviy pishiq g‘isht o‘rnini bosuvchi bir qator mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan va bu sanoat ham kengayib boryapti. Masalan, penablok, gazoblok kabi mahsulotlar bemalol g‘isht o‘rnini bosa oladi va g‘isht tanqis bo‘lgan paytlarda ko‘pchilik quruvchilar ulardan foydalandi.

– Unda g‘isht nega hamon tanqis, narxi ham oshib boryapti?

– Chunki qurilish hajmi keskin oshdi. Shaxsan prezident, hukumat har jihatdan yirik qurilishlarni rag‘batlantiryapti va bu holat hali uzoq davom etadi. Bir o‘ylab ko‘ring, har bir tuman, har bir qishloqqa qator-qator namunali uylar qurildi. Shaharlar markazlarida yuzlab ko‘p qavatli uylar qad rostlayapti, eski, xom g‘isht yoki paxsaning o‘rnini mustahkam pishiq g‘isht egallamay qolmaydi.

– Faqat talabning ortib ketgani tufayli ishlab chiqaruvchilar narxni oshirib yubordilarmi?

– Yo‘q, albatta. Bu yerda tabiiy gaz bahosi ham juda muhim. So‘nggi yillar statistikasiga e'tibor qarataylik – bir kubometr gaz bahosi 265 so‘m bo‘lgan paytlarda bir dona standart pishiq g‘isht (keyingi o‘rinlarda - g‘isht) bahosi 450-500 so‘m atrofida edi. Keyin gaz bahosi avval 500 so‘m, keyin 1000 so‘m qilib belgilandi. Tabiiyki, bu ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga ta'sir etmay qolmadi. Bundan tashqari, o‘tgan yili qish oylariga kelib ko‘pchilik zavodlar gaz ta'minotidan uzilib qoldi. Ana shunday omillar qo‘shilib, o‘tgan yili talab taklifga nisbatan bir necha barobar ortib ketdi va g‘ishtning bahosi eng yuqori narx – 1300-1400 so‘mgacha ko‘tarilib ketdi. Bu holat davlat rahbariyati nazaridan chetda qolmadi va zavodlar gaz ta'minoti yaxshilandi. Qolaversa, ijtimoiy ahamiyatga ega arzon uy-joylarga mahsulot yetkazib beruvchilar uchun soliq yengilliklari berildi. Ana shu rag‘batlantirishlardan so‘ng yana ishlab chiqarish hajmi osha boshladi va tabiiyki narx tushishi kuzatildi. Hozirgi kunda g‘isht bahosi o‘rtacha 1000 so‘m atrofida.

– G‘ishtning tannarxida gazning ulushini aytib bera olasizmi? Umuman bu mahsulot tannarxi, uning o‘rtacha foydasi qanaqa?

– Mahsulot tannarxida gazdan tashqari ham muhim omillar bor. Bular xom ashyo, soliqlar va majburiy yig‘imlar, maoshlar, boshqa kommunal to‘lovlar, transport xarajatlari kabilardir. Ana shularning hammasi jamlanganda g‘isht tannarxi o‘z bahosining taxminan 70 foizini tashkil qiladi. Ammo yildan-yilga yangi uskunalar xarid qilinyapti, modernizatsiya jarayoni ketmoqda. Bular ham oxir-oqibat mahsulot bahosiga ta'sir qilmay qolmaydi.

G‘ishtning faqat gazga bog‘lanib qolmaganining isboti shuki, so‘nggi yillarda gaz bahosi to‘rt barobar oshgani holda mahsulot narxi ikki barobar oshdi xolos. Bunda ishlab chiqaruvchilar ham mahsulot sotilishiga, bozordagi o‘rinlarini saqlab qolishga harakat qilishdi.

– Fikringizcha, g‘ishtga bo‘lgan yuqori talab, ya'ni O‘zbekistondagi qurilish «bum»i yana qancha davom etadi?

– Me'mor-muhandis sifatida ishonch bilan ayta olamanki, bu jarayon endi boshlandi. «Toshkent siti» kabi yirik loyihalar poytaxt tumanlarida ham, boshqa viloyatlarda ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Shaxsan prezidentning o‘zi sohani rag‘batlantirish uchun qator qarorlar imzoladi. Oddiy misol, Moskva shahrida renovatsiya dasturi yo‘lga qo‘yilganidan xabardorsiz. Loyiha mazmuniga ko‘ra Rossiya poytaxtidagi qurilishiga 50-70 yil bo‘lgan, 2-5 qavatli uylar buzilib, o‘rniga 7-22 qavatli uylar, turli komplekslar qurilmoqda. Chunki bu uylar ma'nan eskirib bo‘lgan, zamon talabiga javob bermaydi.

Bunday uylar umumiy loyihalar asosida bizda ham qurilganini, qolaversa seysmik faol hududda yashashimizni hisobga olsak, renovatsiya dasturi kabi yirik dastur ertami kechmi bizga ham kirib keladi. Ana o‘shanda yanada kengroq ko‘lamli qurilishlarga guvoh bo‘lamiz. Faqat bir jihat, belgilangan me'yorlarga ko‘ra g‘ishtli uylar ko‘pi bilan 7 qavatgacha qurilishi kerak. 7 qavatdan baland binolar esa monolit yeki blokli betondan qurilishi lozim.

Bundan tashqari, kam ta'minlagan oilalar uchun arzon uy-joylar ham katta hajmda qurilmoqdaki, bu savobli ish bo‘lish bilan birga ham quruvchiga, ham boshpanaga muhtojlarga juda yaxshi bo‘ldi. Axir ko‘pchilik yurtdoshlarimiz ijarama-ijara yurishgandi-da. Prezidentimizning bu tashabbus ortidan ular uy-joyga ega bo‘lishadi, quruvchilar va qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarda yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi, yangi ish o‘rinlari ochiladi. Hozir hatto O‘zbekistondek aholi zich davlatda qurilish sohasida ishchi-kuchi yetishmasligi kuzatilayotgani ham aynan shu islohotlar natijasi.

– Talabni qondirish uchun g‘isht ishlab chiqaruvchi yirik zavodlar soni ham ko‘paymoqdami?

– Albatta. Men sizga Toshkent shahri va viloyati misolida ayrim holatlarga to‘xtalsam. Bilasizki, poytaxt hamisha qurilish hajmi bo‘yicha yetakchi bo‘lgan va bu tabiiy. Hududiy ishlab chiqaruvchilar talabni qondira olmagani uchun viloyatlardan, xususan Samarqand va Navoiydan Toshkentga g‘isht tashib kelinardi. Ammo keyinchalik mahsulot o‘sha viloyatlardagi qurilishlarga ham yetmay qola boshladi. Talab taklifni keltirib chiqaradi albatta. Hozirgi kunda ishlab chiqarish va talab ma'lum muvozanatga kelgan.

O‘zbekistondagi bu jarayonlarni xorijda ham jiddiy kuzatishayotganiga ham guvoh bo‘lyapmiz. Turkiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya kabi davlatlarning yirik qurilish kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishga intilmoqda. Misol tariqasida yaqinda bizning yirik zavodimizni xorijiy kompaniya sotib oldi. Biz navbatdagi zavodimizni qurishga kirishdik.

Navbatdagi suhbatdoshimiz bu mahsulotni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘n yildan ortiq tajribaga ega tadbirkor Botir Mamadaliyev.

– Hammasini talab va taklif hal qiladi. Bozor iqtisodiyoti bu. O‘zbekistondagi qurilish hajmi shunday davom etaverarkan, tabiiyki g‘ishtga bo‘lgan yuqori talab ham saqlanib qolaveradi.

– Sizning zavodingiz ham tabiiy gaz yordamida ishlaydimi?

– Yo‘q, biz asosan ko‘mirdan foydalanamiz. Sababi hozirgi kunda gazga nisbatan ko‘mir bilan ishlash tannarxi arzonroq tushmoqda, ta'minot ham qulay bo‘lmoqda. Dastlab faoliyatimizni Andijonda yo‘lga qo‘yganmiz. Viloyatlarda gaz ta'minoti ko‘ngildagidek emasligi barchaga ma'lum. Shuning uchun biz boshidan ko‘mirdan foydalanamiz.

Shu o‘rinda bir faktga aniqlik kiritib ketmoqchiman. Ko‘pchilik «ijtimoiy ko‘mir zavodlarga sotib yuboriladi, shu bois aholiga mo‘ljallangan yoqilg‘i manziliga yetib bormaydi» deb o‘ylaydi. Aslo unday emas. Sababi mahalliy ko‘mir sifatli mahsulot ishlab chiqarish uchun yaramaydi, chunki 700-800 daraja issiqlik beradi va 1000 gradusda pishadigan g‘isht qizarib qolib, bahosi pasayib ketadi. G‘ishtni biz asosan Qirg‘izistondan import qilingan ko‘mir yordamida ishlab chiqaramiz. Import mahsulot tabiiyki valyuta tebranishlariga ta'sirchan bo‘ladi va oxir-oqibat bizning mahsulotimiz qiymati ham ortadi.

– Ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish rejangiz bormi?

– Albatta. Hozirda Ohangaronda zamonaviy xorij texnologiyalari asosida yirik ishlab chiqarish loyihasini yo‘lga qo‘yish arafasidamiz va unda ish o‘rinlari yigirma beshta bo‘lsa-da, ko‘p jarayon avtomatlashtirilgan.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid