Sport | 18:56 / 05.11.2018
18463
11 daqiqa o‘qiladi

«Real»ning g‘alabali qaytishi va «Barsa»ning irodasi. Ispaniyada tur voqealari

Dam olish kunlarida Ispaniya chempionatida 11-tur uchrashuvlari davom ettirildi. Bu turda «Real» Xulen Lopetegidan keyingi La Ligadagi ilk uchrashuvini o‘tkazdi va «Santyago Bernabeu»dagi 5 muvaffaqiyatsiz uchrashuvdan keyin ilk g‘alabasiga erishdi.

Foto: Getty Images

«Real» - «Valyadolid» - 2:0
Gollar
: Vinisius Junior (1:0). Serxio Ramos, 88 - s penalti (2:0).
«Real»: Kurtua, Odriosola, Nacho, Serxio Ramos, Regilon, Kazemiru (Isko, 56), Kroos, Modrich, Beyl (Vaskes, 71), Benzema, Asensio (Vinisius Junior, 73).
«Valyadolid»: Masip, Moyyano (Chop, 85), Kiko Olivas, Kalero, Nacho Martines, Antonito, Michel, Ruben Alkaras, Vilya (Verde, 69), Suares (Oskar Plano, 76), Enes Unal.
Ogohlantirishlar: Asensio, 45.
Hakam: Xil Mansano (Ispaniya).

Bu tur arafasida Ispaniya chempionati turnir jadvalida «Real» «Valyadolid»dan 3 o‘rin pastda edi, madridliklar 9, «Valyadolid» esa 6-o‘rinda edi.

«Real» bu o‘yingacha La Liga doirasidagi oxirgi 5 o‘yinda g‘alaba qozona olmagan, 1 bor durang o‘ynab, 4 marta mag‘lub bo‘lgandi. To‘plar nisbati esa 2:11 ko‘rinishini olgandi. Ayniqsa, «Barselona»ga qarshi el-klasiko uchrashuvida yirik hisobdagi mag‘lubiyat (1:5) hammasidan oshib tushdi. Shunday natijalardan keyin, jamoa bosh murabbiyi lavozimida Xulen Lopetegi o‘rnini Santyago Solari egalladi. «Qirollik klubi» yangi murabbiy boshchiligidagi ilk o‘yinda «Melilya»ni ishonchli hisobda mag‘lub etdi (kubok o‘yinida 4:0 hisobidagi yirik g‘alaba). Bu o‘yin orqali jamoa La Ligadagi muvaffaqiyatsiz seriyaga barham berish uchun yaxshilab tayyorlandi.

Ronaldoning effekti
«Real»ning sobiq futbolchisi Ronaldo «Valyadolid» aksiyalarining 51 foizini xarid qilgach, bu jamoada ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. «Real» ochko yo‘qotayotgan bir vaqtda «Valyadolid» barqaror o‘yin ko‘rsatib, turnir jadvalining yuqori qismi tomon harakatlandi. Shanba kuni ham bu jamoa o‘zining jasoratli yurishini davom ettirish maqsadida maydonga tushgandi.

Himoyadagi muammolar
«Real» bu o‘yindan oldin himoya chizig‘ida jiddiy muammolarga duch kelgandi. Lazaretdagi Varan, Marselo va Karvaxal yoniga Valexo ham qo‘shildi. Solari «Melilya» bilan o‘yinda bo‘lgani kabi «Kastilya»dan qo‘shimcha kuchlar chaqirdi: Serxio Lopes, Xavi Sanches, Fran Garsiya, Aleks Martin va De Le Fuente.

Benzemaning imkoniyatlarni sovurishi
«Real» o‘yinni maydon egalariga xos tarzda boshladi, 4-daqiqadayoq Karim Benzema qulay imkoniyatga ega bo‘lgandi, ammo uning kuchli zarbasi darvoza ustunidan qaytdi. Birinchi bo‘limda madridliklar ustunlikni saqlab qolishdi.

Vinisiusning chiqishi

Foto: Denis Doyle/Getty Images

Ikkinchi bo‘limda mehmonlar ham faollashdi, o‘yinni Florentino Peresning yonida Ronaldo ham kuzatib bormoqda edi. Unal o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi, mehmonlarning ikki zarbasi ustunga tegdi, Kurtua bir necha marta jamoasini goldan qutqarishiga to‘g‘ri keldi.

O‘yindagi hal qiluvchi palla esa «Real» safida 18 yoshli hujumchi Vinisius Juniorning maydonga chiqishi bo‘ldi. U «Melilya»ga qarshi o‘yinda ham asosiy ishni bajargan, ikki golga hammualliflik qilgandi. U Madriddagi o‘yinda 70-daqiqada maydonga tushirildi, 83-daqiqada jarima zarbasidan chiroyli gol urdi. O‘yin oxirida Benzemani jarima maydonida yiqitishdi va Serxio Ramos penaltidan ikkinchi golni urdi. Bu «Real»ning keyingi 6 turdagi ilk g‘alabasi bo‘ldi. Endi «Real» 6-o‘rinda, «Valyadolid» 9-o‘rinda joylashgan. Solari «Real»ning keyingi 50 yil ichida debyutdagi ketma-ket ikki uchrashuvda g‘alaba qozongan ilk murabbiyi bo‘ldi.

«Barselona» 3 daqiqada mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirdi

Foto: Gonzalo Arroyo Moreno/Getty Images

«Rayo Valekano» - «Barselona» - 2:3 (1:1)
Gollar
: Suares, 11 (0:1). Poso, 35 (1:1). Alvaro Garsiya, 57 (2:1). Dembele, 87 (2:2). Suares, 90 (2:3).
«Rayo Valekano»: Garsiya, Advinkula, Amat, Galves (Velaskes, 71), Aleks Moreno, Embarba, Komesanya, Trexo (Alvaro Garsiya, 57), Imbula, Poso, Raul de Tomas (Alegriya, 65).
«Barselona»: ter Shtegen, Serxi Roberto, Langle, Pike, Jordi Alba, Rakitich, Buskets, Artur (Vidal, 67), Rafinya (Dembele, 52), Suares, Koutinyu (El-Xaddadi, 67).
Ogohlantirishlar: Amat, 6. Langle, 17. Raul de Tomas, 49. Jordi Alba, 70. Garsiya, 89.
Hakam: Ernandes Ernandes (Ispaniya).

Ko‘k-anorrangcha paradoks
«Barselona» hali ham chempionlarga xos o‘yinlar ko‘rsata olmayapti. Jamoa qatorasiga 4 uchrashuvda g‘alaba qozona olmagandi - 3 durang va bir mag‘lubiyat. Bu o‘yinlardagi raqiblar «Jirona», «Leganes», «Atletik» va «Valensiya» kabi hozirda kuchli bo‘lmagan jamoalar bo‘lgandi. Lekin keyin jamoa «Sevilya» va «Real» kabi asosiy raqiblarini mag‘lub etdi. Bu ikki g‘alabadagi to‘plar nisbati ko‘rsatkichi - 9:3.

Statistika
«Rayo Valekano»ga qarshi safar o‘yinidagi g‘alaba jamoaning g‘alabali yo‘lini davom ettirishidagi navbatdagi qadam bo‘lishi kerak edi. Kataloniyaliklar «Kampo de Valekas» stadioniga oxirgi 5 tashrifida 5 g‘alabaga erishgan (to‘plar nisbati - 23:1). Umuman olganda, Madridning bu jamoasi keyingi 16 o‘yinda ko‘k-anorranglilar jamoasini yenga olmagan. Statistika katalonlar bu o‘yinda ham osonlik bilan g‘alabaga erishishiga ishora qilmoqda edi. Aslida nimalar bo‘ldi?

Klasikocha tarkib
Valverde bu o‘yinga ham bir hafta muqaddam «Real»ni yirik hisobda taslim etgan tarkibni tashladi. O‘yinning dastlabki 10 daqiqasidayoq «Barselona» raqibni jarima maydoniga qamab qo‘ydi. O‘yindagi hisobni el-klasiko qahramoni Suares ochdi - Rakitich Albani uzun pas bilan ta'minladi, himoyachi esa qulay vaziyatda turgan urugvaylik jamoadoshini golli pas bilan ta'minladi. Suares birinchi bo‘lim oxirida ikkinchi golni urishi mumkin edi, ammo uning zarbasi darvoza ustuniga tegdi.

«Rayo»ning javobi
Suaresning ikkinchi imkoniyatidan 5 daqiqa avval mezbonlar hisobni tenglashtirishgandi. Qarshi hujumda Poso aniq harakat qildi.

Ikkinchi bo‘lim boshida jamoalar zarbalar almashinuvini amalga oshirishdi. De Tomasning yerlatib bergan zarbasini Ter Shtegen oyoqlari bilan qaytarib yubordi, Rafinyaning uzoq burchakni mo‘ljallab bergan zarbasi xato ketdi. Shu muvaffaqiyatsizlikdan keyinoq bu futbolchi o‘rniga Usmon Dembele tushirildi.

Omadli almashtirish
Fransiyalik futbolchi o‘yinga kirishib ketishga ulgurmasidan jamoa ikkinchi golni o‘tkazdi, 57-daqiqada zaxiradan endigina tushirilgan Alvaro Garsiya darvozani ishg‘ol qildi - 2:1. Oldinda muxlislarni yorqin futbol kutmoqda edi.

3 daqiqadagi qahramonlik

Foto: Gonzalo Arroyo Moreno/Getty Images

Valverde Munir va Vidalni ham maydonga tashladi. Ammo 87-daqiqacha katalonlarning hujumlari besamar ketaverdi. Ammo Dembelening individual mahorati o‘zini ko‘rsatdi, u o‘ziga berilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, sovuqqonlik bilan hisobni tenglashtirdi - 2:2.

Mehmonlar bu bilan to‘xtab qolishmadi, 90-daqiqada Robertoning jarima maydoniga uzatgan to‘pi Suaresga kelib tushdi va u to‘pni mezbonlar darvozasi to‘riga joyladi. 3 daqiqa ichidagi 2 gol jamoa o‘z g‘alabali yo‘lida davom etishiga imkon berdi.

«Atletiko» va «Valensiya»ning muvaffaqiyatsizligi

Foto: Getty Images

«Leganes» – «Atletiko» – 1:1 (Karrilo, 82 – Grizmann, 69)

Madridliklar birinchi bo‘limda gol o‘tkazmaslik an'anasini davom ettirdi. Ammo bu «matraschilar»ni maqtash uchun yetarli emas, shanba oqshomidagi o‘yinda Grizmanning chiroyli goli ham jamoaga g‘alaba keltira olmadi. O‘yin oxirida mezbonlar odatdagi kabi standart vaziyatdan gol urib, mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Diyego Simeone «Atletiko» boshqaruvidagi eng yomon startni qayd etmoqda - 11 turda 20 ochko va uchinchi o‘rin. Boshqa kuchli jamoalarda ham mavsum muvaffaqiyatsiz kechayotgani tufayligina «Atletiko» kuchli uchlikdagi o‘rnini saqlab qolgan.

«Valensiya» - «Jirona» – 0:1 (Pere Pons, 48)

O‘tgan mavsumda kuchli to‘rtlikda yurgan, «Barselona»ning asosiy ta'qibchisi bo‘lgan «Valensiya» tarkibni tark etgan asosiy futbolchilari o‘rnini to‘ldira olmadi. Jamoa bu turda «Mestalya»da kuchsiz raqibga yutqazdi va 1957 yildan buyon eng yomon startni qayd etdi. Jamoa 11 turda faqat 1 g‘alabaga erishgan va 8 durang tufayli 11 ochko to‘plab, 15-o‘rinda joylashgan.

«Sevilya»ning ikkinchi o‘rni

«Real Sosedad» – «Sevilya» – 0:0

«Sevilya» bosh murabbiyi Pablo Machin bu o‘yin arafasida hujum chizig‘ida muammolarga duch keldi. Asosiy hujumchilar Ben Yyedder va Andre Silva jarohat tufayli safdan chiqqan, shu tufayli Kuinsi Promes hujumdan joy oldi. Niderlandiyalik futbolchi yangi ampluaga moslasha olmadi va 90 daqiqa davomida raqib darvozasi tomon biror marta ham zarba yo‘llay olmadi. O‘yindagi eng qulay vaziyatni Roke Mesa qo‘ldan boy berdi. Bu golsiz durangdan keyin «Sevilya» ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Jamoa «Atletiko» va «Alaves» bilan bir xil miqdorda ochko to‘plagan, ammo to‘plar nisbati ustunligi evaziga yuqoriroqda joylashgan. Andalusiyaliklarni dushanba kuni o‘z o‘yinini o‘tkazadigan «Espanol» quvib o‘tishi mumkin. Buning uchun, kataloniyaliklar «Atletik»ni mag‘lub etishi talab qilinadi.

Tur o‘yinlari

Turnir jadvali.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid