Madridning «Real» klubi uchun mavsumning ikkinchi qismi murakkab o‘tdi. Ichki muhitdagi muammo jamoani inqiroz holatiga keltirib qo‘ydi. Inqiroz deganda jamoa ikkinchi divizionga tushib ketgani, futbolchilarga dekabrdan buyon maosh berilmayotgani, professional klub mashg‘ulot maydoni topilmaganda maktab stadionlarida shug‘ullanib yurganini tushunish kerak emas. Madridga xos, oriyona inqiroz.

Bu yil ham «Real» mavsum boshidagi ustunlikni saqlab qolsa, La Ligani yutardi, birinchi klasikoni yutgandi ham. YeChLda ham, aytaylik, Noyyer qahramonlik ko‘rsatmasa, «Bavariya»dan o‘tib, balki finalga ham chiqqan bo‘lardi. Kimsan Mbappesi bor jamoa mavsumni sovrinsiz yakunladi va aslida bu fojia emas, hech qayerda yozilmagan katta klublar har yili sovrinlarni qalashtirib tashlashi kerak deb. Madrid muxlislari ichki muhitdan, ishga bo‘lgan munosabatdan norozi. Bu borada chindan muammolar jiddiy. Shunchalik jiddiyki, Peres yangi murabbiy borasida ko‘pchilik kutmagan radikal o‘zgarish qilishgacha bordi.

Mushtlashuv

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsum jamoani italiyalik Karlo Anchelotti boshqargandi. Ko‘pchilik, «Real» ketma-ket ikkinchi mavsum sovrinsiz qoldi, deb gapiryapti, lekin bunaqa emas. Madrid ikki yildan buyon La Liga, Ispaniya kubogi va Chemppionlar Ligasini yutmayotgandir, lekin o‘tgan mavsum jamoa Anchelotti bilan Yevropa superkubogi va Qit’alararo kubokni yutganini unutmaslik kerak.

«Real» chempionatda va Chempionlar Ligasida kubok yutolmagan bo‘lsa-da, muhit bilan bog‘liq muammo yo‘q edi. Chunki Anchelotti jamoada ichki tartibni saqlash bo‘yicha aynan «Real»bop, tengsiz murabbiy. Braziliya ham aynan shu xususiyati sabab uzoq yil rosa harakat qilib Papa Karloni olib ketdi.

O‘tgan mavsum oldidan «Real»ni Xabi Alonso qabul qilib oldi. Bir qarashda juda to‘g‘ri qaror, Alonso «Real»ning sobiq futbolchisi, Germaniyada «Bavariya»ning gegemonligiga yakun yasagan murabbiy. Uning «Real»ga kelishi Leverkuzendagi muvaffaqiyatli mavsumidan keyinoq aniq edi.

Jamoa Xabi bilan mavsumni yomon boshladi deb bo‘lmaydi, birinchi klasikoda «Barselona»ni yengdi, La Ligada peshqadam ham bo‘lib olgandi. Lekin keyin muammolar bo‘y ko‘rsata boshladi. Jamoaning asosiy futbolchisi Vinisius zaxirada qolib, ko‘rsatkichlari keskin tushib ketdi. Shu yil boshida «Real» superkubok finalida «Barselona»ga yengilgach, Alonsoga javob berildi.

Klub murabbiy iste’foga chiqarilmagani, arizasiga ko‘ra ketganini ta’kidlab bayonot berdi. O‘sha finaldan keyin sodir bo‘lgan voqea Alonsoning murabbiylik faoliyatiga kuchli zarba bo‘ldi. U futbolchilarini chempion «Barselona»ni tabriklash uchun shohsupaga olib bormoqchi bo‘ldi, lekin Mbappe boshchilik futbolchilar murabbiyni butun stadion ko‘z o‘ngida jyerkib tashlashdi. Mana shu epizodda Madridda ichki muhit yaxshi emasligi yaqqol ko‘zga tashlandi.