Jamiyat | 15:20 / 08.11.2018
2433
4 daqiqa o‘qiladi

«Ittifoq» va «Kamalak»da sardorlar saylanadi

Sardorlik maqomi yoshlarga katta ishonch va mas'uliyat yuklaydi. Sardor–tengdoshlarini o‘zining ezgu g‘oyalari, loyihalari ortidan ergashtirib, ularni ijtimoiy faollikka chorlay olishi lozim. O‘quvchilarni hayot yo‘lida adashishdan qaytarib, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olsa, har jabhada hozirjavob va tashabbuskorlikka ega bo‘lsagina u chinakam sardor bo‘la oladi. Maktablarda tengdoshlari orasida namuna bo‘lgan, yoshlarni har sohada taraqqiyot sari odimlashga undaydigan yoshlarni saralash maqsadida joriy yilning 7-9-noyabr kunlari Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida «Ittifoq» va «Kamalak» sardorlarining Respublika saylovi o‘tkazilmoqda. Har bir viloyatning saylovda ishtirok etuvchi 28 nafar sardorlari Farg‘ona shahriga yo‘l olishdi.

«Sardorlarning ishlash tizimiga yangicha yondashish payti keldi. Sardorlar 4 guruhga bo‘lingan holda mavjud muammolarni yechishga e'tibor qaratishi darkor. 1-guruh muammoni aniqlasa, 2-guruh muammoga yechim topib, uni loyihalashtiradi. 3-guruh loyihani amalga oshirish bilan shug‘ullansa, 4-guruh amaliy ishlarni umumlashtirib boradi. Umuman olganda, sardorlarning faoliyatini takomillashtirish ularning ishlash samaradorligini belgilab beradi», – deydi «Kamalak» bolalar tashkiloti bo‘lim mudiri Durdona Rahimova.

Ishtirokchilar Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida tantanali kutib olinib, dastur asosida Marg‘ilon shahrida bunyod etilgan Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bog‘iga sayohat qilishdi. Buyuk allomalarga beshik bo‘lgan Marg‘ilonga qadam qo‘ygan yoshlar o‘zbek adabiyotning zabardast shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning haykali poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. Sardorlar Ijodkorlar bog‘ida joylashgan Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab faoliyati va u yerda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

«Sardorlarni saylash jarayonida ulardagi iqtidor va yetakchilik qobiliyatiga alohida urg‘u berish kerak. Shijoat va tashabbuskorlik yoshlar bilan ishlashda eng asosiy omil bo‘ladi», — deydi Toshkent shahar sardori Jasmina Qodirova.

Tadbirlar davomida sardorlar yig‘ilishi tashkil qilinib, unda hududlar bo‘yicha yil davomidagi sardorlik faoliyati sarhisob qilindi. Sardorlar Kengashida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va mavjud muammolar muhokama etildi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan muloqotda sardorlar faoliyati davomida e'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar o‘rtaga tashlanib, ularni bartaraf etish yo‘llari xususida fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi.

«Aslida sardorlar faoliyatidagi kamchiliklarni to‘ldirish quyi tizimga uzviy bog‘liq. Sinf sardorlari va maktab sardorlar faolligi va hududiy Kengashlarning sardorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi orqali tizimda samaradorlikka erishiladi», — deydi Jizzax viloyati «Kamalak» sardori Dilshod Samadov.

Tadbirlar so‘ngida sardorlar o‘zlarining kamchiliklarini mushohada qilib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

«8-9 noyabr kunlari eng sara, intiluvchan,o‘z g‘oyalari va loyihalari atrofida barcha tengqurlarini birlashtira oladigan yoshlar sardorlikka saylanadi. Albatta, «Ittifoq» va «Kamalak» da munosiblargina sardor bo‘ladi. Biz yosh sardorlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», deyiladi tashkilot matbuot xizmati xabarida.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid