Jamiyat | 20:34 / 12.10.2018
12645
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston: Yoshlar mavzusi - Shavkat Mirziyoyev uchun eng dolzarb soha!

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi doirasida Fransiyaning Markaziy Osiyo davlatlari yangiliklariga ixtisoslashgan nufuzli internet sayti bo‘lmish «Novastan.org» saytida O‘zbekistonda yoshlar siyosati va Yoshlar ittifoqining faoliyatiga oid «O‘zbekiston: Yoshlar mavzusi - Shavkat Mirziyoyev uchun eng dolzarb soha!» deb nomlangan maqola e'lon qilindi.

Maqolada Markaziy Osiyo aholisining yarmini tashkil qiluvchi O‘zbekiston aholisi demografik jihatdan yosh ekani va shu sababdan ham O‘zbekistonda «yoshlar siyosati» muhim o‘rin egallashi alohida ta'kidlangan. Jumladan maqolada shunday deyiladi: «33 million kishi yashaydigan O‘zbekiston aholisining taxminan 20 foizi 15-24 yosh atrofidadir. Bu aholining demografik jihatdan yosh ekanligini, shu sababdan davlat yoshlarga oid aniq va samarali siyosat borishi lozim ekanligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8-9 oktabr kunlari Fransiyaga tashrifi O‘zbekistonning yoshlarga siyosatini tanishtirish uchun ayni qulay fursatdir».

Shundan keyin maqola sobiq ittifoq davrida O‘zbekistonda sovetlarning yoshlar siyosati amal qilgani, mustaqillikdan keyin esa «Kamolot» harakati va «Kamalak» tashkilotlari tuzilganini qisqacha eslatib o‘tadi. Undan so‘ng, «Kamolot» yoshlar harakati samarasiz faoliyat olib borgani va natijada bundan na davlatga, na yoshlarga foydasi bo‘lgani ta'kidlanadi. Shu sababdan 2016 yilda prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan bu harakatni tugatib, uning o‘rniga 2017 yil 27 iyunda «Yoshlar ittifoqi»ni tashkil qilgani hamda «Kamalak» tashkilotida tegishli islohotlarni amalga oshirgani aytiladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda maktabgacha ta'lim vazirligi tashkil qilingani qo‘shimcha qilinadi. So‘ngra prezidentning tashabbusi bilan O‘zbekiston yoshlari uchun qilingan ishlar sanab o‘tiladi.

Quyida maqoladan parchani keltiriladi:

«Hozirda Yoshlar ittifoqi va «Kamalak» bolalar tashkiloti jami 10 million nafardan ortiq yoshlarni birlashtiradi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etildi...

Dasturlari to‘liq yoshlarga bag‘ishlanishi uchun «Yoshlar» telekanali aksiyalarining 50 foizi va «Mening yurtim» telekanali aksiyalarining 51 foizi «Yoshlar ittifoqi»ga berildi. Bundan tashqari, yoshlarning muammolari televideniye orqali jonli ekranda muhokama qilinishi uchun «Yoshlar press klubi» ham tashkil qilindi.

Yoshlarning turar-joy bilan bog‘liq muammolarini hal qilish maqsadida 2018–2021 yillarda ko‘pqavatli binolar barpo etish rejalashtirildi. Banklar yoshlarga uy yoki mashina sotib olishlari uchun kreditlar ajrata boshladi. Kengroq doirada esa, Yoshlar ittifoqi Qozog‘iston, Rossiya va Xitoy kabi ko‘plab xorij davlatlaridagi yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlik qila boshladi. Ittifoqda «O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi» faoliyati tashkil etilib, xorijda ishlab yurgan yoki tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan ham aloqalar yo‘lga qo‘yildi».

Maqola «Yoshlar Ittifoqi»ning faoliyati va o‘zbek ommasining yoshlar muammolariga nisbatan munosabatiga xolis baho berish bilan yakunlanadi: «To‘g‘ri, «Yoshlar ittifoqi» va «Kamalak» tashkilotlarining faoliyatlari faqatgina muvaffaqiyatlardangina iborat emas. Aksincha, ular ba'zida «Kamolot» harakati yo‘l qo‘ygan xatolarni takrorlab turadilar. Ularning har bir tashabbuslari ishtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs va munozaralarga sabab bo‘ladi. Hatto ba'zan «Yoshlar ittifoqi» O‘zbekistonning eng ko‘p tanqid qilinadigan tashkilotiday tasavvur paydo bo‘ladi.

Biroq mazkur tanqidlarning mavjud ekanligi o‘zbek ommasining yoshlar muammolariga befarq emasligini ko‘rsatib beradi. Shu ma'noda, Shavkat Mirziyoyevning yoshlar sohasiga jiddiy yondashishi va yoshlar uchun barcha sharoitlarni yaratib berishi o‘zbek ommasining yoshlar muammolariga nisbatan munosabati bilan uyg‘undir. Endi, yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish «Yoshlar ittifoqi» va «Kamalak» tashkilotlarining o‘z qo‘llaridadir».

Mavzuga oid