Sport | 20:10 / 11.11.2018
9934
3 daqiqa o‘qiladi

Andrey Arshavin faoliyatini yakunladi

Rossiyalik taniqli futbolchi, Qozog‘istonning “Qayrat” klubida to‘p surayotgan Andrey Arshavin futbolchilik faoliyatini yakunlaganini ma'lum qildi.

37 yoshli Arshavin 11 noyabrda “Qayrat” uchun xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi. Dekabrda futbolchining klub bilan amaldagi kelishuvi tugaydi. Avvalroq tomonlar shartnomani uzaytirmasliklarini e'lon qilishgan. Arshavin Qozog‘iston jamoasidan ketgandan keyin o‘ynashni davom ettirishi haqidagi savolga “O‘ylashimcha, faoliyatimni to‘liq yakunlamoqdaman”, deb javob qilgan.

Futbolchi unga Qozog‘istonda to‘p surish yoqqanini aytgan. “Qozog‘istondan o‘zim bilan nafaqat Olmaotadagi, balki butun Qozog‘istondagi odamlarning iliq munosabatlari, qo‘llab-quvvatlovini olib ketmoqdaman. Odamlar mening o‘yinimni ko‘rgani kelishganini bilaman. Jamoa bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatilgan, keyin ham o‘zaro muloqot qilib turamiz”, deb aytgan futbolchi.

Arshavin uzoq yillar Sankt-Peterburgning “Zenit” jamoasida to‘p surgan. U jamoada 1999-2009, 2013-2015 yillar o‘ynagan. U “Zenit” tarkibida 352 ta o‘yinda maydonga tushib, 74 ta golga mualliflik qilgan, jamoadoshlariga 99 ta golli uzatma oshirgan. Arshavin “Zenit” tarkibida Rossiyaning 3 karra chempioni bo‘lgan, UYeFA kubogi va superkubogini qo‘lga kiritgan. 2006 yilda “Futbol” nashri talqiniga ko‘ra Rossiyaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan.

Futbolchi 2009 yil yanvarida Londonning “Arsenal”iga o‘tgan. U “Arsenal”da 2009-2013 yillar to‘p surgan, 145 ta o‘yin o‘tkazib, 31 ta golga mualliflik qilgan. 

Arshavin “Arsenal”dan keyin “Kuban”da, so‘ngra “Qayrat”da to‘p surgan. U qozoq klubi tarkibida Qozog‘iston chempionatining 3 karra kumush medal, mamlakat kubogi va superkubogi sohibi bo‘lgan.

Futbolchi Rossiya terma jamoasi uchun 2002-2012 yillar to‘p surgan. U terma jamoada hammasi bo‘lib 75 ta o‘yin o‘tkazib, 17 golga mualliflik qilgan. 2008 yilda terma jamoa safida Yevropa chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid