O‘zbekistonda 17 yildan buyon difteriya uchramaydi - Basitxanova
O‘zbekiston Respublikasida 2001 yildan buyon difteriya kasalligiga chalingan bemor uchramaydi, 1995 yildan beri poliomiyelit bilan kasallanganlar ham ro‘yxatga olinmagan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova ma'lum qildi.
20 noyabr kuni Xalqaro-press klub axborot ko‘magida tashkil etilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari davrida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlashni isloh qilish” mavzusidagi xalqaro anjumanda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova sanitar-epidemiologik ishlarning samaradorligi haqida gapirib, ayrim kasalliklarning mamlakatda umuman kuzatilmayotganini bildirgan.
"Masalan, 30 yildan oshiq muddat ichida yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda tetanoz infeksiyasi, 10 yildan buyon qizamiqdan o‘lim topganlar aniqlanmagan. 1999 yildan beri tif isitmasi bilan kasallanganlar 48,8 baravarga kamaydi. Virusli "B" gepatiti aniqlangan bemorlar esa 32,8 martaga kam uchradi", - deydi vazir o‘rinbosari.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarni infeksiyalarga qarshi emlash jarayonida 95-99 foiz ko‘zlangan maqsadlarga erishilgan.