O‘zbekiston | 10:40 / 22.11.2018
26433
4 daqiqa o‘qiladi

Yer uchastkasi qachon noqonuniy tarzda ajratilgan deb topiladi?

Foto: Dreamstime

Prezidentning «Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida nazarda tutilgan yangiliklar Norma tomonidan ko‘rib chiqildi.

 Amaliyotda jismoniy yoki yuridik shaxslarga yer uchastkalari ajratish to‘g‘risidagi qarorlar qonunga xilof deb topiladigan holatlar uchrab turadi. Natijada bu yerda qurilgan imoratlar o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga tenglashtiriladi. Ya'ni ko‘chmas mulk buzib tashlanishi kerak bo‘ladi, mulkdorga esa kompensatsiya to‘lanmaydi.
 
Bunday vaziyat ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Zero mahalliy davlat hokimiyati organlarining (hokimliklarning) mansabdor shaxslari timsolida davlat yo‘l qo‘ygan xato jismoniy va yuridik shaxslarga qimmatga tushishi mumkin. Yangi yildan kuchga kiradigan 2 ta yangilik vaziyatni tuzatishga qaratilgan.
 
Birinchidan, 2019 yil 9 yanvardan «Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonun kuchga kiradi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatning 16 va 59-moddalarida ishonchning himoya qilinishi prinsipi tartibga solingan. Ya'ni manfaatdor shaxsga (bu holda yer uchastkasini oluvchiga) ma'muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonish sababli kelib chiqqan yoki muqarrar bo‘lgan mulkiy zararning o‘rni qoplanadi.
 
To‘g‘ri, shaxsning ishonchi himoya qilinmaydigan hollar ro‘yxati ham mavjud. Masalan, agar:

• manfaatdor shaxs ma'muriy hujjat bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha majburiyatlarini bajarmagan bo‘lsa;
• manfaatdor shaxs o‘ziga ma'muriy hujjat asosida taqdim etilgan pul mablag‘laridan, buyumdan yoki huquqdan maqsadli foydalanmagan bo‘lsa;
• manfaatdor shaxs ma'muriy hujjatning g‘ayrihuquqiyligini bilgan yoki o‘z aybiga ko‘ra bu haqda bilmagan bo‘lsa;
• ma'muriy hujjat aldash, tahdidlar yoki ma'muriy organga boshqacha tarzda g‘ayrihuquqiy ta'sir ko‘rsatish oqibatida qabul qilingan bo‘lsa;
• qonun manfaatdor shaxslar ishonchining himoyasini hisobga olmagan holda ma'muriy hujjatni bekor qilishni talab etsa.
 
Biroq, mazkur hollarning har biri, oxirgi hol bundan mustasno, sudda isbotlanishi lozim. Endi imoratni «avtomatik ravishda» o‘zboshimchalik bilan qurilgan deya olmaydilar, investorlarning davlatdan kompensatsiya olish imkoniyati oshadi.
 
Ikkinchidan, 14.11.2018 yildagi PF–5577-son Farmonda nazarda tutilishicha, 2019 yil 1 yanvardan boshlab qurilish uchun yer uchastkalarining o‘z vaqtida va to‘g‘ri ajratilmasligi natijasida sarflangan xarajatlar mahalliy byudjyetlar mablag‘lari hisobidan qoplanib, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibda undirib olinadi.
 
Mazkur aybdor shaxslar tegishli hokimlar bo‘lsa kerak. Qurilish uchun yer uchastkalarining o‘z vaqtida va to‘g‘ri ajratilishi hamda qurilish-montaj ishlari tumanlarning (shaharlarning) tasdiqlangan bosh rejalariga yoki yer uchastkalarini joylashtirish sxemalariga (bosh rejalar mavjud bo‘lmaganda) bog‘lamasdan amalga oshirilishi uchun ularning shaxsiy javobgarligi belgilanadi.
 
Fuqarolik kodeksining 15-moddasida ilgari ham o‘z organlarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi), sh.j. qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjat chiqarilishi natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘lanishi nazarda tutilgan edi. Biroq amaliyotda u qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan hujjat bekor qilinishi natijasida zarar ko‘rgan shaxsga foyda keltirsa, zarar to‘lanmaydi deya talqin qilingan.
 
Investorlar va tadbirkorlik sub'yektlari uchun 2018 yil 1 avgustdanoq shunga o‘xshash, biroq yanada universal kafolatlar nazarda tutilgan, ularda yerga oid munosabatlar bilan cheklanib qolinmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid