O‘zbekiston | 19:04 / 22.11.2018
7411
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda intellektual mulkni himoya qilish sohasida o‘zgarishlar kutilmoqda

Bugun, 22 noyabr kuni, Toshkent davlat yuridik universitetida «Intellektual mulk» kafedrasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur kafedra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Jahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) general direktori Frensis Garri tashabbusi bilan tashkil etildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu kafedra intellektual mulkni muhofaza qilishga doir dolzarb masalalar bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish, intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha muayyan takliflar berish, mazkur sohada yetakchi milliy va xalqaro tashkilotlar va universitetlar bilan hamkorlik qilish, moliyaviy va texnik ta'minotni yaxshilash uchun investitsiya jalb qilish bilan shug‘ullanishi kutilmoqda.

Kafedra faoliyatining dastlabki mahsuli sifatida 2018 — 2019 o‘quv yilining ikkinchi semestridan boshlab, TDYuU magistrlariga intellektual mulk huquqi va axborot xavfsizligi fanlaridan darslari o‘qitilishi belgilanmoqda.

– Ilgari intellektual mulk bo‘yicha universitetimizdagi fuqarolik huquqi kafedrasi o‘qituvchilari dars berardi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari ham shunga turdosh fanlarni o‘qib, o‘rganishadi. Endilikda alohida ixtisoslashgan kafedrada darslarning yanada chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitilishi ta'lim sifatini oshiradi. Darslar fuqarolik huquqi kafedrasi tomonidan yaratilgan o‘quv uslubiy qo‘llanmalar asosida tashkil etilishi ko‘zlangan. Intellektual mulk mavzusida qator tadqiqotlar olib borilgan, dissertatsiyalar yozilgan. Jahon intellektual mulk tashkilotining Turindagi akademiyasi ma'lumotlar bazasidan ham foydalanishni rejalashtirganmiz, – deydi «Intellektual mulk» kafedrasi mudiri Madina Tursunova.

Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Kavkaz, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa seksiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi Ilya Gribov bu kafedraning ochilishi zamon talabi ekanligini ta'kidlaydi.

«​Hozirgi axborot asrida odamlarni moddiy mulk emas, balki nomoddiy — intellektual mulk qiziqtirmoqda. Dunyoda aylanayotgan mablag‘ning 50-60 foizi ham aynan intellekt mahsuli ortidan topilmoqda. Shuning o‘zi ham intellektual mulk va uni muhofaza qilish masalasining ahamiyatini ko‘rsatib beradi»​, - deydi u.

Mavzuga oid