Jamiyat | 15:49 / 28.11.2018
9397
3 daqiqa o‘qiladi

DBQ: “tomoq dorisi” niqobi ostida “kokain” olib o‘tilishining oldi olindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Mamlakat xalqaro aeroportlarida jismoniy shaxslarning bojxona hududiga kirib kelishi yoki uni tark etishlari uchun keng qulayliklar yaratish maqsadida “yashil” va “qizil” yo‘lak tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Bu tizim fuqarolarning tez fursatda bojxona nazoratidan o‘tishini xamda bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarni deklaratsiyalash uchun tegishli yo‘lakni tanlash imkonini yaratadi. Biroq bugungi kunda ushbu tizimdan o‘zining noqonuniy maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida foydalanmoqchi bo‘lgan shaxslar ham uchrab turibdi.

Yaqinda “Toshkent-Aero” IBKning “Toshkent xalqaro aeroport” chegara bojxona posti inspektorlari, kontrabandaga qarshi kurash bo‘limi va Aviatsiya xavfsizligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fosh etildi.

“Toshkent-Moskva-Milan” yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketayotgan xorijiy davlat fuqarosi S.B umumiy uchib ketish zalidagi “yashil” yo‘lak orqali harakatlanayotgan vaqtda unga tegishli bo‘lgan qo‘l yuklari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada uning ichida sigaret qutisiga yashirilgan 1 dona shisha flakonga solingan oq rangli, taxminan og‘irligi (idishi bilan) 10 gramm bo‘lgan kukunsimon modda hamda 1 dona metall trubka va 1 dona plastik karta borligi aniqlandi.

Bojxona xodimlarining ushbu kukunsimon moddaning nima ekanligi haqidagi og‘zaki so‘roviga fuqaro tomoq dorisi ekanligini aytgan. So‘ngra boshqa buyumlar sigaret qutisi ichidan chiqqach, fuqaro ularning kelib chiqishi haqida bilmasligini va ushbu buyumlar unga tegishli emasligini bildirgan.

Shundan so‘ng, bojxona xodimlari tomonidan oq rangli modda xamda buyumlar ekspertiza uchun musodara qilinib, fuqaro ishtirokida bu haqida tegishli bayonnoma tuzildi.

Ayni damda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid