Ukraina O‘zbekistondan yengil avtomobillar importi masalasidagi surishtiruv ishlarini to‘xtatdi
Xalqaro savdo bo‘yicha idoralararo komissiya (XSIK) O‘zbekistondan yengil avtomobillar importi masalasida tergov-surishtiruv ishlarini to‘xtatish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda Ukraina iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi xabar berdi.
«Surishtiruv davomida O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi rasmiy tushuntirish taqdim etdi: O‘zbekiston Respublikasi prezidentining "Xorijiy investitsiyalar ishtirokida "Jyeneral Motors O‘zbekiston" korxonasini barpo etish to‘g‘risida" 2008 yil 21 fevraldagi PQ-800-sonli qaroriga muvofiq, o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga 2017 yil oxirigacha imtiyozlar taqdim etilgan bo‘lib, 2018 yil boshidan bu imtiyozlar to‘xtatilgan», – deyiladi XSIK bayonotida.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Tashqi savdo vazirligi ham Ukrainaga eksport qilingan o‘zbek avtomobillarining asosiy hissasi Ukrainada ishlab chiqarilmaydigan «A» klassidagi avtomobillarga to‘g‘ri kelishi haqida komissiyani xabardor qilgan.
«XSIT kompensatsiya choralarini ko‘rish zaruriyati yo‘qligini aniqladi hamda O‘zbekistondan Ukrainaga yengil avtomobillar importiga nisbatan antisubsidiya surishtiruvini to‘xtatish haqida qaror qabul qildi», deb xabar berdi iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi.
Davlat fiskal xizmati va Statistika qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda Ukrainaga 13 940 dona yangi avtomobil olib kirilgan bo‘lib, undan 2823 donasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan, 2018 yilning yanvar-avgust oylarida esa jami 7808 dona avtomobil olib kirilgan, undan 702 donasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina “UkrAvto” avtomobil ishlab chiqaruvchilarining arizasi asosida O‘zbekistondan yengil avtomobillar importi masalasida tergov-surishtiruv ishlarini boshlagandi.
Noyabr boshida deputat Rasul Kusherbayev Ukrainaning cheklovlariga qarshi hukumat ham chora ko‘rishga tayyor turishi kerakligini bildirgandi.
So‘ngra OAV O‘zbekiston bojxonachilari Ukrainadagi «Farmak» XAJning 2,2 mln dollar, «Yuriy-Farm» MChJning 2 mln dollar qiymatdagi, shuningdek, boshqa ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini ushlab turishgani haqida xabar berdi.
Yana bir deputat Abdurashid Abduqodirov ham Ukrainaning bu harakatlariga javob qaytarish zarurligini aytgandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida hukumat a'zolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston bosh vaziri deputatlarning fikrlariga javoban Ukraina parlamenti tomonidan ko‘tarilib, Ukraina hukumatiga kiritilgan O‘zbekiston avtomobillariga qarshi cheklov o‘rnatish bo‘yicha choralarga qarshi har qanday chora qo‘llashda vazminlik va bosiqlik bilan ish tutish zarurligini ma'lum qilgandi.
Ukraina Shakar ishlab chiqaruvchilar milliy assotsiatsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, 30 noyabr holatiga O‘zbekistonga yuborilgan shakar va yuklar tushirib olinmayapti hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmagan. «Ukrtsukor» korxonasi Ukraina Agrar va oziq-ovqat siyosati vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vazirligiga O‘zbekistonga keltirilgan Ukraina mahsulotlari to‘xtatib qolinayotgani bo‘yicha vaziyatni aniqlashtirish hamda hal qilishni so‘rab murojaat qilgan.
Mavzuga oid
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
17:00 / 09.11.2024
The Telegraph: Tramp rejasi Britaniya qo‘shinlarini Ukraina chegarasiga joylashtirishni nazarda tutadi
11:08 / 09.11.2024