O‘zbekiston | 00:33 / 04.12.2018
31441
5 daqiqa o‘qiladi

Sifatli ta'lim faqat o‘qituvchiga bog‘liq emas

Nega deysizmi? Bilim uchun poydevorni maktabda muallim qo‘yadi, u go‘yoki me'mor, bezakchi, bolani to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi mutaxassisdir.  Muallim o‘z kasbining ustasi bo‘lsa, ta'lim sifati ham o‘sadi.

Ammo tasavvur qiling: bolaning xotiri parishon, tushkun kayfiyatda o‘tirsa-yu, o‘qituvchi ming jonini koyitganidan nima naf? Fanlardan o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchining muvaffaqiyatsizligiga faqat o‘qituvchi aybdor emas. 

O‘quvchidagi bunday holatga, aksariyat hollarda, oiladagi tushunmovchiliklar ham sabab bo‘ladi. Bola ota-onasi bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, ertalab yaxshi kayfiyatda uydan chiqsagina, darsga chin ma'noda quloq soladi. Demak, ta'lim sifatini oshirishda ota-onaning ham ishtiroki muhim va bu ishtirok ota-onalar majlisida hozir bo‘lish bilan ado etilmaydi.

Xalq ta'limi vazirligi BMTning Narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda umumta'lim maktablarda joriy qilayotgan «Baxtli maktab» loyihasi ham shu maqsadga qaratilgan. Loyihaning maqsadi — o‘quvchining oilasi bilan munosabatini yaxshilash, bu orqali uning ruhiyatida ijobiy o‘zgarish yasab, ta'lim jarayoniga bo‘lgan rag‘batini oshirish.​ «Baxtli yasha, baxt ila ta'lim ber, baxt bilan ishla, baxt bilan o‘qi, baxt ulash» shiori ostida ish olib borayotgan mazkur loyiha 10-14 yoshdagi maktab o‘quvchilarini qamrab oladi. Loyiha 4 bosqichda amalga oshiriladi:

Har bir hudud bo‘yicha (12 viloyat, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi) bittadan — jami 14ta tayanch-trener maktab tanlab olinadi.

Tanlab olingan maktablardan 4 nafardan mutaxassis (Ma'naviy va ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, maktab psixologi, yoshlar yetakchisi va jismoniy tarbiya o‘qituvchisi) poytaxtda «Baxtli maktab» loyihasining «Mustahkam oila» dasturi bo‘yicha o‘qitiladi.

Mutaxassislar o‘rgangan dasturlari bo‘yicha o‘z maktablarida o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan 7 hafta davomida ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan treninglar olib borishadi. Dars chog‘ida o‘quvchi bilan ishlash tajribalarini maktabning pedagogik jamoasiga ham o‘rgatishadi.

Tayanch-trener maktabi mutaxassislari o‘z hududlaridagi boshqa maktablarga ham bu tajribani o‘rgatishadi.

Hozirga qadar loyihaning dastlabki ikki bosqichi o‘tkazilgan, 3- bosqich hozirda amalda. 2019 yil fevral oyidan boshlab esa to‘rtinchi bosqichni tatbiq qilish rejalashtirilgan. Viloyatlardagi Xalq ta'limi boshqarmasida mas'ul koordinatorlar jarayonni nazorat qilib borishadi.

Moskva davlat universiteti professori, sotsiolog Rinat Sharipov loyihaning muvaffaqiyati maktablardagi psixologlarning professionalizmiga bog‘liq ekanini ta'kidlaydi. 

«​O‘quvchining maktabdagi xulqi, o‘zlashtirish darajasiga oiladagi muhitning ta'siri katta ekanligiga shubha yo‘q. Loyihaning konsepsiyasi yaxshi, lekin uning samarasi ko‘p jihatdan maktab psixologining professionalizmiga va yondashuviga bog‘liq. Umumiy davradagi treninglardan tashqari ota-ona bilan alohida, bolaning o‘zi bilan alohida ishlash kerak. Oilada bola tarbiyasi uchun muhit u dunyoga kelishidan ilgariroq yaratilmagan bo‘lsa, keyin vaziyatni o‘zgartirish oson kechmaydi. Oiladagi masalalar imkon qadar tor doirada muhokama etilishi lozim, deb o‘ylayman»​, - deydi u. 

Mutaxassisga ko‘ra, loyihaning real natijasiga u amaliyotga to‘la tatbiq etilib, butun respublika maktablari qamrab olingandan keyingina baho berish mumkin.

Chet el tajribasi AQShda ham o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan rag‘batini oshirish masalasi doimo kun tartibining avvalidan joy egallashini bildiradi. Faqat amerikalik pedagoglar boshqacha yechimni tanlagan: bolaning shaxsiy qiziqishlaridan kelib chiqib, uni to‘garaklarga yo‘naltirish, kreativ yo‘llar bilan unda motivatsiya uyg‘otish maqsad qilingan. Misol uchun, «GlassLab» loyihasiga ko‘ra, o‘quvchi darslarini ta'lim beruvchi maxsus videoo‘yinlar orqali o‘zlashtiradi. Bu amaliyot ham qiziq, ham foydali.

O‘zbekistondagi umumta'lim maktablarning 38 foizigina shaharda, 62 foizi esa qishloqlarda joylashgan. Ta'limga bog‘liq bo‘lmagan omillar, oilalarning yashash tarzidagi tafovutlar ta'lim sifatiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, maktab o‘quvchilarining darsdan bo‘sh paytida akademik uy vazifalarini bajarish uchun yetarli sharoit yaratib beriladi, deb bo‘lmaydi. O‘quvchining ovqatlanishi va dam olishi muntazam nazoratda emas.

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid