Jamiyat | 10:56 / 06.12.2018
20694
5 daqiqa o‘qiladi

Yoshlarga «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishonlari topshirildi

Toshkent shahridagi «Yoshlar ijod saroyi»da mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yoshlarga «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishonini topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi vakillari davlat va jamoat arboblari, vazirlik, idora va muassasalarning mutasaddi rahbarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilari va faollari, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sovrindorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

— 2003 yildan boshlab «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan yoshlar soni 551 nafarni tashkil etdi. Mazkur ko‘krak nishoni sohibi bo‘lish ishtiyoqidagi yoshlarning soni yildan-yilga ortib borayotganligini 2018 yilda tanlov Komissiyasiga mingga yaqin yoshlar hujjati kelib tushganligidan bilishimiz mumkin, – deydi yoshlar yetakchisi Qahramon Quronboyev. — Bu galgi taqdirlash avvalgilaridan farqli o‘laroq, o‘zining mehnatsevarligi, fidoyiligi hamda O‘zbekiston Respublikasi obro‘sini xalqaro darajada yuksaltirishga qo‘shgan alohida hissasi uchun chet el fuqarolari, ya'ni Rossiya va Xitoydagi hamkorlarimiz taqdirlanadilar.

Ilm-fan, madaniyat, ta'lim, sog‘liqni saqlash, san'at va jurnalistika, sport, qishloq xo‘jaligi hamda kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda samarali faoliyat olib borayotgan, ilmiy-ijodiy faoliyati orqali yuksak natijalarga erishayotgan 41 nafar yoshlarga sohalarning faxrli vakillari tomonidan «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni topshirildi.

«O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohiblarini O‘zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov qutladi. Respublika «Mahalla» xayriya jamoat fondi boshqarma raisi – Shavkat Javlonov, Respublika xalq ta'lim vaziri – Sherzod Shermatov, Respublika madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – Ozodbek Nazarbekovlar «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishonlarini tantanali ravishda o‘z egalariga topshirdilar.

G‘oliblardan biri Umidjon Hasanov quvonchli kunning taassurotlari bilan bo‘lishdi:

— Vatan himoyasi uchun har birimiz mas'ulmiz. Shaxsan o‘zim O‘zbekiston Milliy gvardiyasida xizmat qilaman. Kamtarona xizmatimizni yuqori baholab, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoniga loyiq topishgani mening misolimda tizimimizdagi yoshlarning ham yutug‘idir, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy-vatanparvarlik, ma'naviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash boshqarmasi katta ofitseri Umidjon Hasanov. — Hozirgi paytda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan qurolli kuchlar tizimida yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari tuzildi. Bu tashkilotlar nafaqat O‘zbekiston yoshlari, balki, harbiylarimiz uchun ham g‘oyat muhimdir. Qurolli kuchlarimizda xizmat qilayotgan mard, jasur, yoshlarni yagona bir maqsad — Vatan ravnaqi yo‘lida birlashtirish asosiy vazifamizga kiradi. Aytish kerak, Milliy gvardiya tizimida hozirgi paytda 27 ta boshlang‘ich tashkilot tuzilgan bo‘lib, ularga 4 ming 930 nafar boshlang‘ich tashkilot a'zosi sifatida qabul qilingan. Kelajakda a'zolarimizni yanada ko‘paytirishni maqsad qilganmiz.

Bugungi quvonchli kunda «Rossiya yoshlar ittifoqi» Umumrossiya jamoat tashkiloti raisi o‘rinbosari Tatyana Seliverstova hamda “Hi China” dunyo yoshlarini rivojlantirish forumi ijrochi prezidenti Lyu Sining alohida faoliyati ham mazkur mukofotga munosib deb topildi.

Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan yoshlar hamda xorijiy mehmonlar davlat rahbariga yurtimizda yoshlar kamoloti yo‘lida ko‘rsatayotgan doimiy e'tibori va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirib, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi, davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish yo‘lida astoydil xizmat qilishlarini alohida ta'kidlashdi.

Mavzuga oid