O‘zbekiston | 12:29 / 08.12.2018
18074
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev: Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tubdan takomillashtirish vaqti keldi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tubdan takomillashtirish vaqti keldi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan ma'ruzasida aytdi.

«Biz markazda va joylarda ortiqcha majlislarni keskin kamaytirib, ko‘proq amaliy ishlar va aniq natija bilan shug‘ullanishimiz kerak. Nega deganda, odamlar quruq majlisbozlikdan charchadi.

Olib borayotgan islohotlarimiz va davr talabidan kelib chiqqan holda, Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni chinakam ijro hokimiyatining oliy organiga aylantirish vaqti keldi, deb o‘ylayman», - dedi davlat rahbari.

Ta'kidlanishicha, chuqur ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hech qaysi mamlakatda osonlikcha amalga oshirilgan emas.

«Islohotlar albatta eskicha yashash, eskicha ishlashga o‘rganib qolgan ayrim mansabdorlarga yoqmaydi. Buniyam ochiq aytishimiz kerak. Chunki o‘zgarish, yangilanish ularning tinchi va oromini, huzur-halovatini buzadi. Lekin hayot davom etar ekan, hayot talabi bo‘lgan islohotlar ham izchil davom etishi muqarrar. Bu haqiqatni va talabni barcha darajadagi rahbarlar chuqur anglab olishlari zarur», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid