Jahon | 00:09 / 17.12.2018
7007
2 daqiqa o‘qiladi

Qatar AQSh energetik loyihalariga 20 mlrd dollar kiritadi 

Foto: marc.desbordes \Flickr.com

Qatarning energetika ishlari bo‘yicha davlat vaziri Sa'd bin Shrida al-Ka'biy mamlakatning AQSh energetik loyihalariga 5 yil davomida 20 mlrd dollar kiritish rejasini ma'lum qildi. Al-Ka'biy AQShni mablag‘lar kiritish nuqtai nazaridan istiqbolli deb atagan. 

“AQSh rivojlanishda davom etmoqda, shu sababli AQSh hududidagi turli loyihalarga 5 yil davomida 20 mlrd dollar kiritishni rejalashtirmoqdamiz”, deb aytgan al-Ka'biy Dohada o‘tgan forumda. Uning aytishicha, Qatar suyultirilgan tabiiy gaz, oddiy gaz va neft qazib olish bilan bog‘liq loyihalarga qiziqish bildirmoqda. 

Qatar Petroleum ijrochi direktorining Reuters axborot agentligiga ma'lum qilishicha, 20 mlrd dollarlik sarmoyalar kompaniya tomonidan taqdim qilinadi. 

Shuningdek, Qatar BMT tashkilotlariga 10 yil davomida 500 mln dollar ajratadi. Kelishuvga ko‘ra, BMTning 8 ta tashkiloti, jumladan YUNISEF va qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissariat mablag‘lar bilan ta'minlanadi.

3 dekabrda Qatar 2019 yil 1 yanvardan OPeK tarkibidan chiqishini e'lon qilgandi. Neft eksportchi davlatlari tashkilotidan chiqish qarori Qatar tomonidan xalqaro maydondagi rolini mustahkamlash imkoniyatlari tahlilidan keyin qabul qilingan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid