Jamiyat | 12:20 / 18.12.2018
9244
2 daqiqa o‘qiladi

Muzrabot tumanidagi 12-maktabning tomi ta'mirlab berildi

Surxondaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasi Muzrabot tumanidagi 12-sonli umumta'lim maktabidagi holat bo‘yicha Kun.uz saytida yoritilgan material yuzasidan o‘rganish natijalarini ma'lum qildi.

Maktabda informatika fani o‘qituvchisi bo‘lgan B.Vohidov tomonidan yo‘llangan murojaatda maktab tomi qishki mavsumga tayyor emasligi, yog‘ingarchilik kunlarida chakka o‘tishi, bu esa binodagi o‘quv jihozlariga ham zarar yetkazishi haqida bayon qilgandi.

Saytda e'lon qilingan «Kompyuterlar ustiga soyabon tutishni boshlayapman». Muzrabotdagi maktab nega qishga tayyor emas?» sarlavhali materialda (muxbir maktabdagi vaziyatni noyabr oyi oxirida borib o‘rgangan, maqola dekabr oyida e'lon qilindi - tahr.) 3 qavatli maktab binosi tomidan o‘tadigan chakka birinchi qavatga ham yetib borishi aytib o‘tilgan, yuzaga kelgan holat fototasvirlar orqali ifodalangandi.

Mazkur holat yuzasidan pudratchi tashkilot «O‘tkir Bunyodkor» x/f tomonidan ishlar boshlab yuborilgan va 16 dekabr kuniga qadar maktabning tom qismiga 544 kv.m yashil rangdagi shifer bilan almashtirish ishlari to‘liq amalga oshirilgan.

Tuman moliya bo‘limi va xalq ta'limi bo‘limi tomonidan pudratchi tashkilot «O‘tkir Bunyodkor» x/f bilan rasmiy shartnoma shu yilning 15 dekabr kuni imzolangan bo‘lib, ayni vaqtda tomni ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilgan va muassasaning tom qismidan chakka o‘tishi to‘liq bartaraf etilgan.

Shuningdek, 2019 yil mahalliy byudjyet hisobidan maktabning fasad qismi hamda eshik va derazalarini ta'mirlash belgilab olingan.

Mavzuga oid