Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida yashovchi yigit Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 2000 yilda tug‘ilgan J.Sh. 2023 yil mart oyida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borgan. Yetkazib berish xizmatida faoliyat olib borgan yigit narkokurerlik aybi bilan qo‘lga olingan va 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoni ijro etish muassasida olib borilgan targ‘ibot ishlarida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish taklifiga rozilik bildirgan.

J.Sh. 2024 yil 27 sentabr kuni Rossiya armiyasiga yollanish bo‘yicha shartnoma tuzib, harbiy guvohnoma olgan. So‘ngra tayyorgarlikdan o‘tib, Donetskdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan.

2025 yil 26 aprel kuni u dron portlashi oqibatida og‘ir yaralangan. Ya’ni uning qorin va boldir sohalariga “oskoloka” kirib ketgan.

J.Sh. sudda aybiga iqrorlik bildirgan hamda urushga borish taklifiga ruhiy va jismoniy tazyiqlar sababli rozi bo‘lganini ma’lum qilgan.

2023 yil 3 mart kuni ishlab pul topish maqsadida Moskva shahriga bordim. Fitnes klubda usta bo‘lib ish boshladim. Bo‘sh vaqtlarimda yetkazib berish xizmatida ishladim. Ushbu ishlarda mahalladoshim S.X. bilan birga ishlaganmiz.

2023 yil 19 mart kuni Moskva viloyatining tumanlaridan birida biz yetkazib bergan yuk narkotik modda ekani aniqlanib, qo‘lga olindik. Lekin biz yetkazib bergan yukimiz narkotik modda ekanini bilmagandik. 2023 yil 20 sentabr kuni sud hukmi bilan sherigim va men 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildik. Shundan so‘ng 2023 yil noyabr oyi o‘rtalariga qadar Ufa shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasida saqlanib, so‘ngra Chelyabinsk viloyatidagi, bir haftadan keyin esa Yekaterenburg shahridagi jazoni ijro etish muassasasiga ko‘chirildik.

Ushbu jazoni ijro etish muassasasida Ukrainaga qarshi urushda qatnashishga majburlashdi. O‘tkazilgan ruhiy va jismoniy tazyiqlar sababli urushda yollanma jangchi bo‘lib qatnashishga rozilik bildirdim.

Rossiya Federatsiyasi Mudofa vazirligi xodimlari kelishib, men bilan suhbat o‘tkazishdi. Bir yil muddatga harbiy shartnoma tuzildi. Mo‘maygina pul, Rossiya fuqaroligini hamda uy-joy berishni va’da qilishdi”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.

Shundan so‘ng J.Sh. va boshqalarni 2024 yil oktyabr oyi boshlarida jazoni ijro etish muassasasidan olib chiqishib, avvaliga harbiy samolyotda 3 soat uchib, keyin mashinada 5 soat yo‘l bosib bir manzilga olib borishgan. Yigitlar o‘sha yerda bir oy, so‘ngra front yaqinidagi manzilda 2 hafta harbiy tayyorgarlikdan o‘tishgan.