O‘zbekiston | 17:30 / 19.12.2018
4555
3 daqiqa o‘qiladi

Rezident tashkilotlar yirik davlat loyihalariga investitsiya kiritishi mumkin

Hukumat 2018 yilning dekabridan boshlab davlat g‘aznachilik majburiyatlari va obligatsiyalarini muomalaga chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
 
Norma’ning yozishicha, hukumatning tasarrufida bo‘lgan barcha aktivlar bilan ta'minlangan davlat qimmatli qog‘ozlarini Moliya vazirligi chiqaradi. Idora moliya yilida chiqarilishning cheklangan miqdorlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi, har bir chiqarilish miqdori va muddatlarini, ular bo‘yicha to‘lovlarning davriyligi va foiz daromadi miqdorini belgilaydi, shuningdek ikkilamchi bozorda sotib olish va ularni muddatidan oldin so‘ndirish operatsiyalarini amalga oshiradi. Markaziy bank fiskal agent sifatida davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishlarini Moliya vazirligi nomidan va hisobidan O‘zRVB savdo maydonchasi orqali joylashtiradi va so‘ndiradi.
 
Ular tijorat banklari va yuridik shaxslar – mamlakatimiz rezidentlari (dilerlar) o‘rtasida hujjatsiz shaklda (elektron shakldagi hisob registrlaridagi yozuvlar ko‘rinishida) joylashtiriladi va amaldagi qoidalarga ko‘ra qimmatli qog‘ozlar bozorida muomalada bo‘ladi. Shu jumladan ular kreditlarning garov ta'minoti va RePO (qayta sotib olish sharti bilan tuzilgan qimmatli qog‘ozlarning oldi-sotdi) shartnomalarining predmeti bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Investor, ya'ni diler bilan tuzilgan shartnoma asosida qimmatli qog‘ozlarni sotib oluvchi yuridik shaxs – O‘zbekiston rezidenti bo‘lishi mumkin.  
 
Qimmatli qog‘ozlarning nominal qiymati milliy valyutada ifodalanadi va 1 mln so‘mni tashkil etadi. Bunda ular quyidagicha tabaqalashtiriladi:
 
a) ular egalarining daromadlarni olish usuli bo‘yicha:

• kupon stavkasi, ya'ni qat'iy belgilangan foizli daromad bilan – egasi qimmatli qog‘ozlar muomalada bo‘ladigan butun muddat mobaynida ularning nominal qiymatiga hisoblanadigan foizlar ko‘rinishida daromad oladi. Foiz stavkasini Moliya vazirligi belgilaydi;  
• nol kupon stavka bilan, ya'ni diskont obligatsiyalar – foizlar hisoblanmaydi, egasining daromadi esa sotib olish (sotish) va so‘ndirish narxi o‘rtasidagi farqni tashkil etadi;
 
b) joylashtirish muddati bo‘yicha:

• g‘aznachilik majburiyatlari – qisqa muddatli (1 yilgacha);
• g‘aznachilik obligatsiyalari – o‘rta muddatli (1 yildan 5 yilgacha) va uzoq muddatli (5 yildan ortiq).
 
Joylashtirishdan tushgan mablag‘lar Davlat byudjyeti taqchilligini qoplashga va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni, shuningdek yirik investitsiya loyihalarini (byudjyet xarajatlarining tasdiqlangan parametrlari doirasida Prezidentning qarorlari bilan belgilanadi) amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
 
Hujjat 17.12.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid