Jahon | 11:06 / 21.12.2018
13990
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburgda o‘zbekistonlik haydovchi tergovchining qo‘liga urgani uchun hibsga olindi

Illyustrativ foto

Peterburgdagi sud tergovchining qo‘liga qarab urgan yo‘nalishli avtobus haydovchisi, O‘zbekiston fuqarosi Sherali Niyozovni ikki oyga hibsga oldi.

Peterburg sudlarining birlashgan matbuot xizmatiga xabariga ko‘ra, 20 dekabr kuni tergovchi Niyozovni hibsga olish to‘g‘risida ariza berdi. U Kolpino shossesida, «PAZ» yo‘nalishli avtobusda tergov harakatlari olib borgan Rossiya Tergov qo‘mitasinig Pushkino bo‘limi tergovchisiga hujum qilganlikda ayblanmoqda.

«Tergov versiyasiga ko‘ra, 18 dekabr kuni gumonlanuvchi jabrlanuvchiga hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lmagan zo‘ravonlikni qo‘llagan», - deya aniqlik kiritgan matbuot xizmati.

«Fontanka»ning yozishicha, haydovchi bunday harakatlari oqibatida tergovchining barmoqlari tirnalgan. Shunga qaramay, Niyozov hibsga olindi. U O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, Peterburgda vaqtinchalik ro‘yxatga olingan va barqaror ijtimoiy munosabatlarga ega emas. Bu, Tergov qo‘mitasi fikricha, «Niyozov xavfli ekani hamda xatti-harakatlarining oldindan aytib bo‘lmasligidan» darak beradi.

Haydovchi 2019 yil 17 fevralgacha hibsga olindi. U tergov izolyatoriga yuborilishiga e'tiroz bildirmadi.

«Fontanka» ma'lumotiga qaraganda, tergovchi Savenkova xizmatlarni xavfsiz bo‘lmagan tarzda ko‘rsatish bo‘yicha jinoiy ish yuzasidan tegishli tadbirlar olib borgan va go‘yoki texnik nosozliklarga ega avtobusni ko‘zdan kechirgan. Haydovchi bu ish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilmagan va shunchaki to‘xtatilgan paytda o‘z navbatchiligida bo‘lgan.

Tergov qo‘mitasi ma'lum qilishicha, Niyozovning bunday xatti-harakati - tergovchining barmoqlari tirnalishi - hujum sifatida baholanadi.

Mavzuga oid