O‘zbekiston | 15:18 / 22.12.2018
13270
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zA rahbari axborot monopoliyasi va tanqidlarga munosabat bildirdi

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rahbari Abdusaid Ko‘chimov bilan tashkilot faoliyati, mish-mishlar va tanqidlarga munosabat, oshna-og‘aynichilik munosabatlari, korrupsiya to‘g‘risida suhbatlashdi.

O‘zA rahbari Abdusaid Ko‘chimov tanqidga nisbatan munosabati haqidagi savolga javob berdi.

«Biz bir narsani yaxshi bilishimiz va yurakdan iqror bo‘lishimiz zarurki, tanqidni yaxshi ko‘rish kerak. Tanqiddan emas, maqtovdan qochish kerak. Maqtov - xavfli narsa. Ko‘pincha nafaqat bir odamning, balki tashkilotning ham oyog‘iga bolta uradigan masala - tanqidni mensimaslik va maqtovga mahliyo bo‘lish. Shaxsan o‘zim tanqidni katta e'tibor bilan kutib olaman. U xoh menga, xoh tashkilotga tegishli bo‘lsin. Tashkilotni daraxtga qiyoslasak, uning har bir novdasiga tegadigan shamollarga iloji boricha e'tibor berishga harakat qilaman. Tanqid bo‘lmagan joyda turg‘unlik paydo bo‘ladi. Ko‘tar-ko‘tar, ura-ura va hokazolar bo‘ladigan paytda yasamalik, yolg‘on paydo bo‘ladi. Bu faqat tashkilotning emas, jamiyat rivojlanishiga ham to‘siq hisoblanadi.

Azaldan, to‘g‘ri, ilgari monopoliya bo‘lgan. Lekin monopoliyani O‘zA sotib olgan emas yoki o‘zi yaratgan emas. Yoki kimdandir talab qilib olgan emas. Bu qonun bilan, hukumatning qarorlari bilan rasman e'tirof etilgan va tashkilotga vazifa qilib yuklangan (axborot tarqatish - tahririyat). Hozir ham shu narsa bor. Bu monopoliya emas. Axborot tarqatishda monopol bo‘lish qiyin. Ayniqsa, bugun. Hozir, misol uchun, davlat rahbari bir joyga safarga boradigan bo‘lsa, O‘zAdan oldin boshqa veb-saytlar xabar bera boshlaydi. Ba'zan ular orasida noaniqlik yoki biroz shoshma-shosharlik holatlari ham uchrab turadi. Bugun bir tashkilotning axborotni monopoliya qilishi uchun ehtiyoj yo‘q. O‘zAni shu yo‘nalishda tanqid qilayotganlar haqida fikrimni bilmoqchi bo‘lsangiz, bu ba'zi axborotlarni o‘z vaqtida topolmaslikdan, ba'zi ma'lumotlarni olishda ularda tajriba yetishmasligidan bo‘lishi mumkin.

Mana O‘zA ham ma'lumotlarni gazetalarga tarqatishdan tashqari, o‘zi ham boshqa saytlardan ma'lumot olib turadi, bugun jurnalistman degan jurnalist izlanishi kerak», deydi Ko‘chimov.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rahbari Abdusaid Ko‘chimov bilan suhbatning to‘liq shaklini tez kunda Kun.uz'ning YouTube va Mover'dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid