Sport | 19:35 / 14.01.2019
98641
6 daqiqa o‘qiladi

Fint. Kuperni asabiylashtirgan voqea haqida

Turkmanistonga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limidagi bir holat ko‘pchilikning e'tiboriga tushgan bo‘lishi tabiiy. To‘pni qabul qilayotganda Jaloliddin Masharipov juda chiroyli fint ishlatdi, bu esa terma jamoamiz bosh murabbiyi jahlini chiqarib yubordi. Kuper bu harakatlar uchun Masharipovni yaxshigina koyibdi ham. Voqeani e'tiborsiz qoldirganlar o‘yindan keyin, yarim himoyachimizning intervyusidan bilib olishgani shubhasiz.

«Men ishlatgan fintim uchun murabbiydan gap eshitdim. Lekin men yoshligimdan braziliyalik futbolchilarga havas qilib ulg‘ayganman. Chiroyli o‘yin muxlislarga yoqadi va biz albatta, muxlislarga yoqadigan o‘yin qilishni istaymiz», – dedi futbolchi.

Aslida bu yerda hech qanday ziddiyat yo‘q. Har kim o‘z vazifasini qilganda sodir bo‘ladigan ish holati. Balki, alohida e'tibor berishga arzimas. Ammo vaziyat Masharipovning tilidan matbuotga ham ko‘chgan ekan, ba'zi o‘rinlarga to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Ektor Kuper aslida chiroyli futbolga qarshi ekan, degan noto‘g‘ri taassurot ham paydo bo‘lmasligi kerak.

Xo‘sh, Kuper nega futbolchining oddiy, chiroyli qilig‘i uchun bu darajada asabiylashdi?

Birinchidan,

Kuper Lotin Amerikasidan kelgan va Ispaniyada uzoq vaqt ishlagan. U yerda bunday vaziyatlarga ko‘p duch kelishadi va hosil bo‘lgan qoida-o‘lchovlar bor. Masalan, har qanday fint maqsadiga qarab ikkiga bo‘linadi: 1) raqibni chalg‘itish orqali foyda chiqarish; 2) raqibni mazax qilish.

Birinchi holat futbolning bir qismi va bu doim muxlislar tomonidan ham, murabbiylar tomonidan ham olqishlanadi. Futbolchi kutilmagan harakat bilan raqibni chalg‘itib, o‘zi yoki sherigini qulay vaziyatga chiqarishi mumkin. 

Ikkinchi holatda, keraksiz paytda raqib ustidan mazax qilish uchun ishlatilgan fint qoralanadi. Aynan bir vaziyatni qaysi holatga kirishini aniqlasa bo‘ladi, masalan, hisob yirik bo‘lib turganda, maydon markazida shunchaki, fint orqali sezilarli qulaylik yaratilmaydigan vaziyatda ishlatilgan fintlar raqib ustidan kulish deb baholanadi. Bunday fint uchun bemalol raqib futbolchilari jiddiy e'tiroz bildirishga haqlari bor, hatto hakam fint ishlatgan futbolchini sariq kartochka bilan siylash holatlari bo‘lgan. Chunki bunday harakatlar o‘yin muhiti ham izdan chiqishiga sabab bo‘ladi. Neymarning «Atletik» bilan o‘yinda aynan bir fint tufayli raqib himoyachilari bilan janjallashib ketganini va bir o‘yinda hatto fint uchun Neymarga sariq kartochka ko‘rsatilganini eslasangiz kerak.

Aynan shunday o‘lchovlar asosida Kuper Masharipovning bu harakatini noto‘g‘ri deb baholagan bo‘lishi tabiiy va shogirdini jiddiyroq bo‘lishga, ko‘rsatmalardan chetga chiqmaslikka chaqirishi normal holat. Fint maydon markazida ishlatilgandi va qandaydir vaziyat yaratish uchun emas, Masharipovning o‘zi ham tan olganidek, muxlislar uchun amalga oshirilgandi.

Ikkinchidan,

O‘sha vaziyat paytida O‘zbekiston o‘zi uchun juda qulay hisobga erishib bo‘lgandi. Bunday pallada murabbiyning xayolida o‘yin tizgini, kartinasi va ssenariysining saqlanib qolishi va eson-omon o‘yin tugashi haqida o‘ylay boshlaydi. Balki, mana shunday xotirjamlik saqlanib qolsa, u turli almashtirishlar va ko‘rsatmalar orqali, shogirdlarini boshqacharoq bir uslubda sinab olishi, yo‘l-yo‘lakay keyingi o‘yinlar uchun zamin tayyorlashni rejalashtiradi. Rostdan ham Turkmaniston tushkunlikka tushib qolgan, o‘yinni deyarli tashlab yuborgandi.

Masharipovning finti, ya'ni raqibga bo‘lgan bu munosabati turkmanlarning jahlini chiqarib yuborishi va balki u yerda kichik janjal yuzaga kelishi mumkin edi. Natijada o‘yin jiddiylashib ketardi. Ikki jamoa futbolchilariga ham ta'sir qilib, o‘yinni deyarli boshqarib turgan hisob hammaning esdan chiqishi va maydonga kurash qaytishi turgan edi. Bu esa, turli yakkakurashlarga, balki keraksiz jarohatlarga, kartochkalarga sabab bo‘lish ehtimoli yaqin.

Xo‘sh, bunday o‘zgarish qaysi murabbiyga kerak? Kuper buni istamasdi albatta. Gap bu yerda uning futbolga o‘ta pragmatik qarashi va uslubida ham emas. Uning o‘rnida har qanday murabbiy, hatto o‘sha chiroyli futbol namoyondasi deb aytiladigan Gvardiola yoki Klopp ham hal qilingan o‘yinning boshqa tarafga burilishini istamagan, shogirdining bunday harakatiga qarshi bo‘lardi albatta. To‘g‘ri, ba'zi murabbiylar darhol reaksiya bildiradi, ba'zida tanaffusda ko‘rsatmalar orqali bunday o‘ynashdan qaytariladi, ba'zida futbolchidagi ishonchni o‘ldirmaslik uchun indamaslik ma'qul ko‘riladi. Aynan kecha, Kuper birinchi yo‘lni tanladi, shu xolos.

Bu yerda hech kimda ayb yo‘q. Istardimki, Masharipov yoki boshqa futbolchilar ham keyingi o‘yinda ham mana shunday fintlar qilishsin. Kuper yana uni koyisin, futbolchi norozi bo‘lib o‘yindan keyin yana intervyu bersin. Roziman. Menimcha, murabbiy ham rozi bo‘lardi bundan.

Axir xuddi kechagi o‘yin kabi, uning jahlini chiqargan yagona holat shogirdining finti bo‘lsa, naqadar ajoyib, to‘g‘rimi?..

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid