O‘zbekiston | 08:00 / 15.01.2019
40441
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat raqobat qo‘mitasi tugatildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi — Raqobat qo‘mitasi tugatildi. 

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining quyidagilar:

a) O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi va Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi negizida:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligini tashkil etish va unga tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasi va Davlat aktivlarini boshqarish markazining shtat birligi, shuningdek, davlatning, shu jumladan, xorijdagi aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish (xususan, davlat ulushlarini sotish), davlat mulklarini ijaraga berish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etish, davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, bankrotlik, baholash faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni ta'minlash, mulkni baholash standartlarini tasdiqlash va rieltorlarni sertifikatlash bo‘yicha vazifa, funksiya va vakolatlarini o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini tashkil etish va unga tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasining shtat birligi, shuningdek, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, raqobat muhitini rivojlantirish, tabiiy monopoliya sub'yektlari faoliyati ustidan nazorat qilish, tovar xom-ashyo birjalarini litsenziyalash bo‘yicha vazifa, funksiya va vakolatlarini o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligini tashkil etish va unga tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasi va Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining shtat birligi, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozorini, shu jumladan, qimmatli qog‘ozlar savdosining tashkilotchilari va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysini tartibga solish, shuningdek, korporativ boshqaruvni rivojlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining lotereyalarni tashkil etish faoliyati bo‘yicha vazifa, funksiya va vakolatlarini berish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi yurituviga Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazini berish;

v) tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasining quyidagi:

bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan obektlarni xatlovdan o‘tkazish va aniqlash hamda ularning ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirish funksiyasini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga;

foydalanilmayotgan obektlardan samarali foydalanish, shuningdek, bo‘sh turgan va qurilishi tugallanmagan obektlarning ishlab chiqarish faoliyatini tiklashga qaratilgan investitsiya loyihalari (“Yo‘l xaritalari”)ni ishlab chiqish bo‘yicha idoralararo komissiyalarning ishchi organi sifatidagi funksiyasini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Quyidagilar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

a) davlat aktivlarini boshqarish, davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish sohasida:

davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarishning bozor mexanizmlarini ishlab chiqish;

davlat ishtirokidagi korxonalarda zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, ushbu korxonalar faoliyatining samaradorligi uchun ularning boshqaruv organlari mas'uliyatini oshirish;

davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirishdan oldin tayyorlashning, shu jumladan, ularning jozibadorligini va ularni boshqarishning samaradorligini oshirishni ko‘zda tutuvchi samarali mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha xorijiy, xalqaro institutlar va kompaniyalar bilan samarali ishlashni tashkil etish;

davlat ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushlarini bosqichma-bosqich qisqartirish, samarali va shaffof xususiylashtirishni ta'minlash;

davlat ishtirokidagi iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, ular faoliyati samaradorligini oshirish dasturlarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda qatnashish;

b) raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish sohasida:

bozorning barcha ishtirokchilariga tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun teng imkoniyatlarni taqdim qilish, ruxsat berish tartib-tamoyillarini soddalashtirish va davlat xizmatlari ko‘rsatish hisobiga ularga teng shart-sharoitlar va xo‘jalik faoliyati erkinligi berilishini ta'minlash;

ishlab chiqariladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning sifatini oshirish, narxlarning asossiz oshib ketishini cheklash va shu yo‘l bilan ichki talabni yuqori darajada qondirishni ta'minlash uchun sharoit yaratish;

tovar va moliya bozorlarida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar ustav kapitalidagi (fondidagi) davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

v) kapital bozorini rivojlantirish sohasida:

kapital bozorini rivojlantirishning yaxlit strategiyasini shakllantirish va ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

kapital bozorining samarali infratuzilmasi hosil bo‘lishida ko‘maklashish;

ikkilamchi qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirish va uning ko‘lamini kengaytirish, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish;

korporativ boshqaruv va kapital bozorini tartibga solish sohasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish.

Mavzuga oid