O‘zbekiston | 11:18 / 17.01.2019
16880
2 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi markaziy apparat hududidagi daraxtlar kesilishiga izoh berdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ijtimoiy tarmoqlarda Mudofaa vazirligi markaziy apparat hududida daraxtlar kesilayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Mudofaa vazirligi matbuot xizmati bu haqda rasmiy axborot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Mudofaa vazirligi markaziy apparati hududini obodonlashtirish hamda inson hayoti va salomatligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan omillarning oldini olish maqsadida qurigan, kovagiga qurt tushgan va kuchli shamol vaqtida qulab tushish xavfi mavjud daraxtlarni kesish ishlari olib borilmoqda.

«Bunda daraxtlarni kesish uchun Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi Ijroiya mahkamasining 15-sonli tegishli ruxsatnomasi olingan. Ruxsatnoma hududiy tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan belgilangan holda haqiqiy hisoblanadi.

Mazkur hujjat orqali vazirlik joylashgan hudud oldidagi bir nechta qarigan, qurigan, kovagiga qurt tushgan eman, zarin hamda chinor daraxtlarini kesishga ruxsat berildi. Ruxsatnoma 10 kun ichida kesilgan daraxtlar hisoboti bilan birgalikda taqdim etilgan joyiga qaytariladi», - deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, bu yerdagi tomiri bilan olib tashlanadigan daraxtlar o‘rniga manzarali daraxtlarning yosh nihollari ekiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining sayti orqali daraxtlarni kesishga ruxsat berish reyestri mavjud bo‘lib, u orqali bayonnoma raqami va sanasi, yuridik yoki jismoniy shaxs nomi, tuman, ko‘cha, bayonnomaning qisqacha mazmuni, daraxtlar soni va turi, qaror va to‘lov shakli bilan tanishish mumkin.

Mavzuga oid