O‘zbekiston | 14:25 / 17.01.2019
8962
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida internet xizmatlari tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda

Foto: KUN.UZ

Toshkent metrosida internet xizmatlarini joriy etish sinov-tajribasi davom etmoqda. Qatnovning tig‘iz paytlarida, Wi-Fi foydalanuvchilari 500dan ortib ketmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri Metrotelecom TM ma'lumotiga tayangan holda xabar bermoqda. 

«Toshkent metropoliteni bilan erishilgan hamkorlik shartnomasiga ko‘ra, kompaniya metropolitenning barcha hududida magistral kabel tarmoqlarini quradi. Optik tolali tarmoq yotqizilishi evaziga Toshkent shahrining istalgan nuqtasida internetga ulanish imkoniyati paydo bo‘ladi», – deyiladi Independent telecom innovatiosn kompaniyasi xabarida. 

Ma'lum qilinishicha, yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga bir vaqtda ko‘p sonli foydalanuvchilar ulanishi muammolar keltirmaydi. Ayni paytda, tajriba-sinov tariqasida Alisher Navoiy va Paxtakor metrostansiyalarida jamoat Wi-Fi qurilmalari ishlamoqda. 

«Bu ikki stansiya odamlar eng gavjum bo‘ladigan nuqta hisoblanadi. Hozirgacha bir paytning o‘zida 500ga yaqin foydalanuvchi tarmoqqa ulangani qayd etildi. Foydalanuvchi Wi-Fi ulanishi bilan, bizning media portalimizga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Unda turli ko‘ngilochar dasturlar, onlayn TV, film, musiqa va videoklip, kitoblarni yuklab olish yoxud ulardan foydalanish imkoniyati bo‘ladi», – deb xabar berishmoqda kompaniyadan.

Shuningdek, tarmoqning moliyaviy xarajatlari, loyiha to‘liq ishga tushadigan muddat hali ochiqlanmayapti. 

O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarini tashkil qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga imtiyoz berildi. 

Unga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘z hududida bepul Wi-Fi zonasini yaratgan  taqdirda, bu hududni kengaytirish uchun xarid qilingan asbob-uskunalar va internet-trafikni sotib olish uchun yo‘naltirilgan xarajatlar xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning soliq solinadigan bazasi, shu jumladan, yagona soliq to‘lovi bo‘yicha bazasidan ayirib tashlanadi, undan qolgan mablag‘ belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.

Mavzuga oid