O‘zbekiston | 10:34 / 18.01.2019
8078
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasi tashkil etilmoqda

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Abu Dabi rivojlanish jamg‘armasi (BAA) bilan birgalikda O‘zbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R.Xolmurodov hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Sh.A.Vafoyevga O‘zbekiston-Amirliklar investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi ta'sis shartnomasini imzolash vakolati berildi.

Belgilanishicha, investitsiya kompaniyasi:

Abu Dabi rivojlanish jamg‘armasi (BAA) kompaniyasining 75 foiz miqdordagi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 25 foiz miqdordagi ulushlari hisobiga 5 million AQSh dollari miqdoridagi ustav fondiga va 1 milliard AQSh dollari miqdoridagi e'lon qilingan kapitaliga ega bo‘lib, mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi, bunda qo‘shimcha ishtirokchilarni o‘rnatilgan tartibda jalb etish mumkin bo‘ladi;

faoliyat ko‘rsatayotgan va yangi tashkil qilinayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning ustav kapitallarida ulushlar sotib olish, qarzlar berish, qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar ustav kapitalidagi ulushlarni mahalliy va xorijiy investorlarga realizatsiya qilish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa shakllarda investitsiya faoliyatini olib borish huquqiga ega;

Birlashgan Arab Amirliklarining investitsiyaviy, moliya institutlari va kompaniyalari bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish vazifalarini bajaradi, ular bilan investitsiyaviy munosabatlarni muvofiqlashtiradi, shuningdek, qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi va ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

investitsiya kompaniyasi, shuningdek, uning ta'sischilari olingan dividend va foizlar bo‘yicha daromadlar bilan birga foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan, shuningdek, uning mol-mulki va aktivlarini realizatsiya qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan 3 yil muddatga ozod qilinadi;

ustav fondi (kapitali)ning kamida 30 foizi investitsiya kompaniyasi mablag‘lari hisobidan shakllantirilgan yangi tashkil etilgan korxonalarga xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi.

Mavzuga oid