O‘zbekiston | 12:05 / 21.01.2019
4921
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavi yangi tahrirda qabul qilindi

O‘zbekiston Respublikasining prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 8 noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 13 dekabrda ma'qullangan.

Qonunga ko‘ra, konsullik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonun hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarda berilgan barcha huquqlardan to‘liq hajmda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun O‘zbekiston Respublikasi tomonidan choralar ko‘rish maqsadida amalga oshiriladi.

Konsullik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik hamda do‘stona munosabatlarini rivojlantirishga, iqtisodiy, savdo, ilmiy-texnikaviy, madaniy aloqalarni va boshqa aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashish uchun yo‘naltirilgandir.

O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan konsullik munosabatlarini o‘rnatish o‘zaro kelishuvga ko‘ra amalga oshiriladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni o‘rnatishga doir kelishuv, agar boshqacha qoida shartlashilmagan bo‘lsa, konsullik munosabatlarini o‘rnatishga bo‘lgan rozilikni bildiradi.

Diplomatik munosabatlarning uzilishi konsullik munosabatlarining avtomatik uzilishini va O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasasi faoliyatining tugatilishini anglatmaydi.

Konsullik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining konsullik bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘z vakolatlari doirasida konsullik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

Konsullik muassasasi O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi joylashgan davlat hududida konsullik okrugi doirasida O‘zbekiston Respublikasi nomidan konsullik funksiyalarini bajaruvchi tashqi aloqalar bo‘yicha davlat organidir. Konsullik muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimiga kiradi.

Konsullik muassasasi konsullik muassasasi joylashgan davlatdagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi boshlig‘iga bo‘ysunadi va uning umumiy rahbarligida faoliyat ko‘rsatadi. Konsullik muassasasi joylashgan davlatda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi mavjud bo‘lmagan taqdirda, konsullik muassasasi bevosita O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga bo‘ysunadi.

Konsullik muassasasi yuridik shaxs huquqlaridan foydalanadi, o‘ziga biriktirilgan mol-mulkka, rekvizitlarga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga (muhrlarga), tegishli shtamplar va blankalarga, shuningdek banklarda hisobvaraqlarga ega bo‘ladi.

Konsullik xonalaridan, shu jumladan binolardan yoki binolarning qismlaridan hamda bunday binolarga yoki ularning qismlariga xizmat qiluvchi yer uchastkasidan, ularga bo‘lgan mulk huquqidan qat'i nazar, konsullik vazifalarining bajarilishiga muvofiq bo‘lmagan maqsadlarda foydalanilmasligi kerak.

Konsullik muassasalari quyidagi darajalarga bo‘linadi:

bosh konsullik muassasalari;
konsullik muassasalari;
vitse-konsullik muassasalari;
konsullik agentliklari.

Konsullik muassasasi konsullik muassasasi joylashadigan davlat hududida shu davlatning roziligi bilan ochiladi.

Konsullik muassasasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qaroriga binoan ochiladi.

Konsullik muassasasining joylashish yeri, ushbu muassasaning darajasi va konsullik funksiyalarini bajarish uchun konsullik muassasasiga ajratiladigan konsullik okrugi konsullik muassasasi joylashadigan davlat bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi.

Konsullik muassasasining joylashgan yerini, ushbu muassasaning darajasini va konsullik okrugini keyinchalik o‘zgartirish faqat konsullik muassasasi joylashgan davlatning roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

Konsullik muassasalari konsullik muassasasi joylashgan davlatda xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan prinsiplari hamda normalariga, O‘zbekiston Respublikasi va konsullik muassasasi joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga hamda konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlar va immunitetlardan foydalanadi.

Konsullik muassasasi o‘zi egallab turgan binoga O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida va konsullik muassasasi joylashgan davlat tilida konsullik muassasasining nomi yozilgan peshlavha o‘rnatish huquqiga egadir.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i doimiy ravishda konsullik muassasalarining binolarida yoki hududlarida va transport vositalarida, shuningdek konsullik muassasalari boshliqlarining xizmat xonalarida ko‘tariladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri doimiy ravishda konsullik muassasasi binosining old tomoniga, shuningdek konsullik muassasalari boshliqlarining xizmat xonalariga joylashtiriladi.

Bu huquqlarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalari, diplomatik protokol qoidalari, shuningdek konsullik muassasasi joylashgan davlatning qonun hujjatlari hamda urf-odatlari inobatga olinishi kerak.

Konsullikning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlari doirasida:

1) xorijda doimiy yashayotgan shaxslardan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalariga doir arizalarni qabul qiladi;
2) O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi masalalariga doir arizalarni asoslash uchun taqdim etilgan faktlar va hujjatlarni tekshiradi;
3) fuqarolik masalalariga doir arizalarni zarur hujjatlar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi;
4) xorijda doimiy yashayotgan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini aniqlaydi;
5) xorijda doimiy yashayotgan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganligini ro‘yxatdan o‘tkazadi;
6) xorijda doimiy yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining hisobini yuritadi.

Konsullikning mansabdor shaxslari zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qo‘shimcha ma'lumotlarni so‘rab olishi mumkin.

Mavzuga oid