Jahon | 09:53 / 22.01.2019
17682
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi ilk irsiy modifikatsiya qilingan bolalar tug‘ilgani tasdiqlandi

Foto: Depositphotos / efks

Xitoy hukumati olim Xe Tszyankuy o‘tkazgan tajriba natijasida DNKsi o‘zgartirilgan bolalar tug‘ilganini rasman tasdiqladi. Bu haqda Xinhua axborot agentligi xabar berdi. 

Olim ishining dastlabki tergovi u Xitoyning bir qator qonunlarini buzgan holda irsiy modifikatsiya qilingan bolalarni yaratganini aniqlagan.

“Olim xorijiy xodimlarni o‘z ichiga oluvchi loyiha guruhini tashkil etgan. Bu guruh inson embrionlari genlarini tahrirlash uchun noxavfsiz texnologiyadan foydalangan, bu esa qonunan taqiqlangan”, deb aytganlar tergovchilar. 

Bundan tashqari, olim ikki yil davomida axloq tekshiruvi natijalarini qalbakilashtirgan va tajribasida ishtirok etish uchun 8 juftlikni to‘plagan. Bu esa ikkita homiladorlikka olib kelgan. 

Tajriba natijasida onalardan biri Lulu va Nana deb nomlangan egizak farzandlarni dunyoga keltirgan. Bir ayol esa hali ham homilador va DNKsi tahrirlangan homilani ko‘tarib yuribdi.

2018 yil noyabrda xitoylik olim Xe Tszyankuy DNKsi OIVdan kasallanishga qarshi o‘zgartirilgan bolalar dunyoga kelganini ma'lum qilib, dunyo jamoatchiligini karaxt holga tushirgandi. Olimni ushbu ishi uchun hamkasblari bilan bir qatorda hukumat ham tanqid qilgan. Xitoyning sog‘liqni saqlash va rejali farzand ko‘rish ishlari bo‘yicha qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan tergov boshlagan.   

Olim o‘z ishini oqlash maqsadida OIVni davolashda erishilgan barcha yutuqlarga qaramay, ushbu kasallik bir qator davlatlarda o‘limga asosiy sabablardan biri bo‘lib qolayotganini aytgan. 

Mavzuga oid